“Barkamol avlod” to‘garaklari (+video)
Nukus shahridagi “Barkamol avlod” bolalar maktabida tasviriy san’at, raqs, robototexnika, konstruktorlik, kompyuter dizayni, tikuvchilik, pazandachilik kabi yo‘nalishlarda 50 ta to‘garak faoliyat yuritmoqda. Ularga 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan jami 1 ming 300 dan ziyod o‘quvchi jalb etilgan.
Shu bilan birga, “Barkamol avlod” bolalar maktablarida bo‘lgani kabi, bu yerda ham joriy yildan boshlab, STEAM ta’lim dasturi bo‘yicha to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, tajriba sifatida maktabdan tashqari ta’limga joriy qilinmoqda. Bunda asosan pedagog kadrlar bilimini mustahkamlash va ularning tajribasini yanada oshirish maqsadida “Grafika dizayn”, “Art dizayn”, “Gips art” kabi to‘garaklar bo‘yicha bir nechta tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘quv kurslari tashkil qilinmoqda.
Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktablari samaradorligini oshirish va faoliyatini kengaytirish maqsadida davlat va nodavlat tashkilotlari bilan memorandumlar imzolangan, shundan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi musiqa maktablari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Shaxmat federatsiyasi, “Hunarmand” uyushmasi bilan hamkorlikda o‘quv-mashg‘ulotlari, seminar-treninglar va tadbirlar tashkil etilmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat va video), O‘zA