Xorazmda 7 ming xonadonli 200 ta ko‘p qavatli uy quriladi
Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ta’kidlandi.
Yig‘ilishda qurilish va infratuzilma sohalaridagi vazifalar muhokama qilinar ekan, joriy yilda Xorazmda:
– 12 trillion so‘mlik pudrat ishlarini bajarish, qurilishda 20 ming nafar aholini band qilish;
– 7 ming xonadonli 200 ta ko‘p qavatli uy qurish;
– 1,5 ming kilometr yo‘l va 20 ta ko‘prikni rekonstruksiya qilish va ta’mirlash;
– 80 ta avtobus olib kelib, 6 ta yangi yo‘nalishni ishga tushirish maqsad qilib olindi.
Viloyatdagi ichimlik suvi tarmog‘ining 16 foizi va kanalizatsiya tarmog‘ining 27 foizi yarim asr oldin qurilgani bois, rekonstruksiyaga muhtojligi ko‘rsatib o‘tildi. Urganch, Xiva va Pitnak shaharlarining kanalizatsiya tizimi yangilanishi kerak.
Bu ishlar uchun joriy yilda 1,1 trillion so‘m ajratilib, tez fursatda Urganch, Xiva, Pitnak shaharlari va Gurlan tumani markazidagi oqova suv tizimini rekonstruksiya qilish boshlanadi.
Mutasaddilarga yil yakunigacha 101 kilometr suv va kanalizatsiya tarmog‘i, 6 ta suv inshooti qurish, xalqaro moliya tashkilotlaridan Xorazmning barcha tumanlaridagi oqova tizimiga yana 85 million dollar jalb qilish topshirildi.
O‘zA