Bemorlarda bepul jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi

Shu kunlarda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Sog‘lomlashtirish oyligi” doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kambag‘allik reyestriga kiritilgan aholi orasida kasalliklarni erta aniqlash va bemorlarni yashash hududining o‘zida davlat hisobidan sog‘lomlashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Ushbu aksiyada Quvayt davlatining “Al-amal” xalqaro jarrohlik guruhi ham o‘z insonparvarlik missiyasi bilan ishtirok etmoqda. Bu ikki davlat rahbarlari tomonidan yo‘lga qo‘yilgan va tobora mustahkamlanib borayotgan o‘zaro do‘stona hamkorlik aloqalarining amaliy natijasidir.
Yurtimizga tashrif buyurgan 40 nafardan ziyod eng malakali xorijlik mutaxassis Nukus shahriga yetib keldi. “Al-amal” xalqaro jarrohlik guruhi bir hafta mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va tumanlarida ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan, shu jumladan, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga muhtoj 300 nafarga yaqin bola va kattalar sog‘lomlashtiriladi.
Xususan, bu yerda tibbiyotning o‘nlab yo‘nalishi bo‘yicha xayriya tarzida bajariladigan jarrohlik amaliyotlari Respublika shoshilinch yordam ilmiy markazi, respublika ixtisoslashtirilgan Kardiologiya, onkologiya va radiologiya hamda Ko‘z mikroxirurgiyasi markazlarining mintaqaviy filiallari, shuningdek, respublika ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida o‘tkazilishi belgilangan. Buning uchun belgilangan manzillardagi tibbiyot muassasalarida zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.