“Barkamol avlod”: Nukusda o‘quv-seminari

Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga qarashli respublika, shahar va tuman “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyatini takomillashtirish, ularda zamonaviy to‘garaklar tashkil etish va samaradorligini oshirish monitoringiga bag‘ishlangan o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning 2019 yil 30 sentyabrdagi “Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida mamlakatimizda o‘quvchi yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, o‘sib kelayotgan yosh avlodning ijodiy qobiliyatini aniqlash va rivojlantirish, yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan besh tashabbus amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Shu asosda o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishni tashkil etish va maktabdan tashqari ta’lim samaradorligiga erishish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha bitta respublika, 17 ta shahar va tuman “Barkamol avlod” bolalar maktabi faoliyat yuritmoqda. Ushbu maktablardagi jami 905 ta to‘garakka 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 28 ming 300 nafar o‘quvchi jalb etilgan bo‘lib, ularga 950 nafar pedagog kadr maktabdan tashqari ta’lim-tarbiya berib, kasb-hunar sirlarini o‘rgatib kelmoqda.
– “Barkamol avlod” bolalar maktablarining asosiy vazifasi, bolalarning qiziqishiga ko‘ra ularning ijodiy va san’atga bo‘lgan qobiliyatlarini rivojlantirish, foydali dam olishini tashkil etish, ularda mehnatga, kasbga tayyorgarlikning dastlabki o‘quv ko‘nikmalarini singdirishdan iborat. Shuningdek, fan va texnikani rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlariga asoslangan holda texnik qurilmalar va kompyuter texnologiyalari ishlarini o‘rganishni tashkil etgan holda bolalar texnik ijodkorligini rivojlantirish, ular tomonidan o‘lkamiz tarixi, arxeologik va madaniy merosini chuqur o‘rgatish, mamlakatimizning tabiiy boyliklari bilan tanishtirish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi asosiy bilimlarni egallash yordamida o‘qitishning yangi shakllarini keng joriy etishdir, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Barkamol avlod” bolalar maktabi Ommaviy tadbirlarni tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Dilfuza Yembergenova.
Seminarda “Barkamol avlod” bolalar maktablaridagi to‘garaklarga o‘quvchilarni qamrab olish, ularning faoliyati bo‘yicha shahar va tuman maktablarida amalga oshirilayotgan ishlarning borishi bo‘yicha o‘rganish davomida aniqlangan kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha Mo‘ynoq, Bo‘zatov, Qonliko‘l, Kegeyli, Nukus tumanlari “Barkamol avlod” bolalar maktablari misolida fikr almashuvlar o‘tkazildi va amaliy metodik yordamlar ko‘rsatildi.
Maktablardagi to‘garaklarga o‘quvchilarning ishtirokini kuchaytirish va o‘quvchilarni qamrab olish darajasini yanada oshirish maqsadida ta’lim muassasalarida, mahallalarda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilishi, ularda tashkil etilgan tarmoq to‘garaklarining ishlarini takomillashtirish va ularga metodik yordam ko‘rsatishlari bo‘yicha Nukus shahar “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori Gulparshin Rzayeva ma’lumot berdi. Bu borada Taxtako‘pir, Amudaryo, Qo‘ng‘irot tumanlaridagi maktablar faoliyati va kelgusidagi rejalari bo‘yicha hisobotlari tinglandi.
O‘quvchilarning maktabdan tashqari bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga yo‘naltirilgan tadbirlar va ularni o‘tkazish tartibi, ularning respublika bosqichlarida erishgan natijalari va kelgusi rejalar, shuningdek, to‘garak a’zolari o‘rtasida o‘tkazilayotgan mahalliy va xalqaro tanlovlarning ahamiyati bo‘yicha ham keng fikr almashildi.
Shundan so‘ng respublika tanlovlarining hududiy bosqichlarini o‘tkazish tartibi, hujjatlarning to‘g‘ri yuritilishi, asosiy ko‘rsatkichlar jadvalining to‘ldirilishi, pedagog xodimlarning malakasini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar hamda o‘quvchilarni qamrab olish, oliy ma’lumotli pedagog mutaxassislar va byudjetdan tashqari mablag‘ topish bo‘yicha monitoring ko‘rsatkichlari tahlil qilindi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA