Iste’dodli avlod vakillari

277

Yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarida an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan “Talabalar bahori – 2025” festivali bu yil ham o‘zgacha ruhda, yuqori saviyada o‘tkazildi.

Yoshlarning iqtidorini yuzaga chiqarish, ularning madaniy-estetik dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiladigan ushbu festival bir necha kun davomida yurtimizdagi barcha oliy o‘quv yurtlarida qizg‘in va ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Festival doirasida talaba-yoshlar san’at, sport, fan va boshqa turli yo‘nalishlarda o‘zaro musobaqalashib, o‘z salohiyati, iste’dodi va faolligini namoyish etdi. Yurtimiz kelajagi bo‘lgan bu iste’dodli avlod vakillarining har bir chiqishi tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.

Musobaqa g‘olibi deb topilgan iqtidorli talaba-yoshlar uchun Taxtako‘pir tumanida joylashgan “Qorateran” etnoturistik majmuasida taqdirlash kechasi tashkil etildi. Bu yerda hududning ajoyib tabiat manzaralari, so‘lim tog‘lari, musaffo havosi festival g‘oliblari uchun chinakam ilhom manbaiga aylandi.

Aynan shu yerda g‘oliblarni tantanali taqdirlash marosimi va katta gala-konsert o‘tkazildi. Tadbirda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori, akademik A.Reymov boshchiligidagi oliy o‘quv yurti jamoasi, talaba-yoshlar faol ishtirok etdi.

Tadbir davomida festival g‘oliblariga esdalik sovg‘alari, diplom va tashakkurnomalar topshirildi. Shuningdek, gala-konsertda yoshlar o‘zlarining eng sara ijodiy chiqishlarini namoyish etib, barchaga unutilmas kecha hadya etdi.

“Talabalar bahori – 2025” festivali nafaqat yoshlarning iqtidorini namoyon etish, balki ularning Vatanga muhabbatini, fidoyilik ruhini yanada mustahkamlaydigan muhim madaniy-ma’naviy tadbirga aylandi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.