Deklaratsiyani rasmiylashtirish tartibi tushuntirilmoqda

233

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 18 apreldagi “Ishlab chiqarish, eksport va tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish, savdo va sanoat siyosati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, tovarlarning bojxona qiymatini aniqlashda imtiyozlar yoki maxsus bojxona rasmiylashtiruvi tartibi, jumladan, muayyan aniqlash usullarini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmasligi, ichki bozorda raqobat muhiti rivojlantirilishi belgilandi.

Ta’kidlanganidek, jahon iqtisodiyotidagi keskin o‘zgarishlar, tashqi xatarlar va global raqobat sharoitida milliy ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilarni samarali qo‘llab-quvvatlash, ichki bozorda adolatli raqobat muhitini ta’minlash hamda tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoit yaratishni taqozo etmoqda. Mazkur farmonni qabul qilishdan asosiy maqsad, ishlab chiqarish, milliy mahsulotlar eksporti, yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha joriy yil uchun belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish hisoblanadi.

Bugungi kunda farmon talablari, qonunchilik normalarining takomillashtirilishi va tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratilayotgan qulayliklar qoraqalpog‘istonlik tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari, tadbirkorlik sub’ektlarida keng targ‘ib qilinmoqda. Jumladan, tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlarida tashkil etilayotgan uchrashuvlarda tadbirkorlarga xavf darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlarni majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi bekor qilinganligi hamda endilikda ularga joriy etilayotgan muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiyalarning rasmiylashtiruv  tartibi tushuntirilmoqda.

Uchrashuvlarda tadbirkorlik sub’ektlari vakillari farmon mazmun-mohiyati yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob olmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.