XDP: tahlillar, natijalar va rejalar

246

Nukus tumanida O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari faoliyatini yanada takomillashtirishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi rahbar va mas’ul xodimlari, Nukus tuman partiya kengashi xodimlari, xalq deputatlari Nukus tuman Kengashidagi partiya guruhi a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi rahbari Xalilla Yeshimbetov so‘zga chiqib, partiyaning Nukus tuman kengashi va deputatlar ishlari bo‘yicha reyting ko‘rsatkichini yaxshilashda deputatlar hududdagi mavjud muammolarni o‘rganish va ijobiy hal etishda deputatlik so‘rovi institutidan samarali foydalanish hamda targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish va ommaviy axborot vositalarida chiqishlarni tashkil etishni yanada yaxshilash bo‘yicha vazifalarga to‘xtaldi.

Partiyaning Nukus tuman kengashi tomonidan fuqarolarning turmush farovonligini yaxshilash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan dolzarb masalalar qamrab olgan amaliy harakat dasturining ijrosi bo‘yicha partiya guruhining tashabbusi bilan o‘tgan yili sakkizta masala partiya guruhi va doimiy komissiya majlislarida ko‘rib chiqildi. Shundan oltita masala sessiya kun tartibiga kiritildi va tegishli qarorlar qabul qilinishiga erishildi. Shu bilan birga, 6 marotaba mansabdor shaxslarning hisobot va axboroti eshitilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida 2 ta masala partiya guruhi va doimiy komissiya majlislarida ko‘rib chiqilib, sessiya kun tartibiga kiritilgan.

Partiyaning Nukus tuman kengashi huzuridagi “Jamoatchilik qabulxonasi”ga fuqarolar tomonidan o‘tgan yili jami 85 ta murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaatlarning 82 tasi partiya mas’ul xodimlari va deputatlar ishtirokida ijobiy hal etildi.

Joriy yilning birinchi choragida partiyaning dasturiy maqsad va vazifalari mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish va tushuntirish, partiyaning jamiyatdagi o‘rnini yaratish maqsadida “Deputat mahallada”, “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat”, “Qatorimizdagi yoshlar”, “Deputat va yoshlar”, “Quvonch va mehr ulashaylik” va boshqa amaliy tadbirlar doirasida 20 dan ortiq targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Ushbu amaliy chora-tadbirlar natijasida 70 nafardan ziyod fuqaro partiya a’zoligiga qabul qilindi.

Shuningdek, majlisda partiya tashkiloti, deputatlar, partiya faollari partiyaning dasturiy maqsadlari va Saylovoldi dasturidan kelib chiqib, aniq yo‘nalish va masalalarga e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi. Bu borada partiyaning asosiy bo‘g‘ini hisoblangan boshlang‘ich partiya tashkilotlari bilan aloqalarni yanada mustahkamlash, qonun va boshqa me’yoriy hujjatlarga takliflarni boshlang‘ich partiya tashkilotlaridan olish tizimi, ya’ni “boshlang‘ich partiya tashkiloti – deputatlik guruhi – sessiya” tizimi orqali ishlarni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilish kun tartibidagi masalalar bo‘yicha xalq deputatlari Nukus tuman Kengashidagi partiya guruhi a’zolari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi. Tadbir davomida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan partiyaning Nukus tuman kengashiga yangi zamonaviy kompyuter topshirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.