Chorvachilikni rivojlantirishning istiqbollari

247

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Orolbo‘yi hududida chorvachilikda innovatsion texnologiyalar va sohani rivojlantirishning istiqbollari” mavzusida respublika ilmiy-texnik konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda chorvachilikda olib borilayotgan zamonaviy tadqiqotlarni bir joyga jamlash, ilg‘or tajribalarni almashish, shuningdek, sohani barqaror rivojlantirish haqida so‘z yuritildi.

Konferensiyada respublikadagi yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar, yosh olimlar, magistrantlar va talaba-yoshlar faol ishtirok etdi. Anjuman doirasida chorvachilik sohasining ekologik, iqtisodiy va ilmiy-texnika asoslarini mustahkamlash, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish kabi dolzarb mavzular muhokama qilindi.

Mazkur ilmiy-texnika anjuman uchun jami 70 ga yaqin ilmiy maqola taqdim etildi. Ular orasida hayvonlar seleksiyasi, naslchilik, oziqlantirish texnologiyalari, veterinariya-profilaktika tadbirlari, chorvachilikda ekologik yondashuvlar, genetik tahlil metodlari hamda biotexnologik yangiliklar kabi turli yo‘nalishlar qamrab olingan bo‘lib, ular sohaga oid fundamental va amaliy ilmiy izlanishlarning samarali natijalarini aks ettiradi.

Konferensiyaning xalqaro ilmiy aloqalarni mustahkamlashdagi o‘rni ham alohida e’tiborga molik. Jumladan, Qozog‘iston Respublikasi Texnologiya universiteti “Oziq-ovqat mahsulotlari texnologiyasi” kafedrasi professori S.Mirzaqulov “Qozog‘istonda chorvachilik rivojlanishining ilmiy-texnologik jihatlari” mavzusida ilmiy ma’ruza bilan onlayn shaklda ishtirok etib, Orolbo‘yi mintaqasidagi ilmiy faoliyatni yuqori baholadi.

Konferensiya yakunida eng yaxshi ilmiy maqolalar saralanib, mualliflar filial rahbariyati tomonidan sertifikatlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Mazkur anjuman Orolbo‘yi hududida chorvachilik sohasini innovatsion asosda rivojlantirishda navbatdagi muhim qadam bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA