Bojxona xodimlari tadbirkorlarga ko‘makchi bo‘lmoqda

225

Nukus shahrida muzqaymoq ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish loyihasi bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik sub’ektlaridan biri yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanib, qiymati 963 ming yevroni tashkil qiluvchi yangi loyihani ishga tushirib, unda yigirma turdagi muzqaymoq ishlab chiqarish va 30 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi mas’ul vakillari loyihaning amalga oshirish jarayonlarini joyiga chiqqan holda o‘rgandi. Tadbirkorga Polsha davlatidan olib kirilayotgan texnologik asbob-uskunalarning TIFTN kodini aniqlashtirilishida amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.

Ta’kidlash joizki, muzqaymoq ishlab chiqarish liniyasi bo‘yicha texnologik asbob uskunalar importida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qilishda bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladigan o‘xshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan yangi texnologik asbob-uskunalar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori talablari asosida, tadbirkorlik sub’ektiga bojxona to‘lovlaridan 1

milliard 723 million so‘m miqdorida imtiyoz qo‘llanilgan.

Uchrashuvda may oyidan ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan korxona rahbarlariga kelgusida o‘z mahsulotlarini eksportga yo‘naltirish shuningdek, “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi afzalliklari haqida ham batafsil tushuntirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.