Tasviriy va amaliy san’at festivali g‘oliblari taqdirlandi

257

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2025 yil – “Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” iqtisodiyot yili”ga bag‘ishlangan xalqaro an’anaviy Tasviriy va amaliy san’at festivali yuqori saviyada o‘tkazildi.

Festival doirasida rassomlar hamda dizaynerlar ko‘rgazmalari, oliy o‘quv yurtlari talaba-yoshlari, bolalar musiqa va san’at maktablari, ixtisoslashtirilgan san’at maktabi o‘quvchilari ishtirokida mahorat darslari, Amudaryo tumanidagi diqqatga sazovor joylarga ijodiy safar tashkil etildi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Ko‘rgazmalar saroyida xalqaro an’anaviy Tasviriy va amaliy san’at festivali g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirlarda faol ishtirok etgan o‘qituvchilar, talabalar va o‘quvchilarga O‘zbekiston Badiiy akademiyasining oltin, kumush va bronza medallar, diplom hamda sertifikatlari topshirildi.

Jumladan, J.Izentayev nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati o‘quvchilari Nilufar Bekbayeva, Atabek Mnajbayev, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi Aynazar Uzaqboyev oltin, Aydana Dao‘letmuratova, Xatisha Tanatarova, Nukus  ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabi o‘kuvchisi Muslima Medetbayeva kumush, J.Izentayev nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati o‘quvchisi Aygumis Pishenbayeva, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti talabasi  Janbolat Nurgaliyev, Nukus shahridagi 22-sonli bolalar  musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Niyetbay Ziyatbayev bronza medallari bilan taqdirlandi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.