Hududdagi kriminogen vaziyat o‘rganildi

184

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida bo‘lib o‘tgan tadbirda davlatimiz rahbarining 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori va ushbu qaror ijrosini samarali tashkil etish borasidagi 2025 yil 4 apreldagi idoralararo qo‘shma qarorda belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori E.Tadjiyev, Ichki ishlar vaziri B.Torebekov ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda qaror ijrosiga mas’ul bo‘lgan vazirlik va idoralarning rahbar xodimlari hamda Xo‘jayli tumanidagi shtab va ishchi guruh a’zolari, mahalla yettiliklarining qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l xarita”lari ijrosi o‘rganildi. Respublika va tuman mas’ullarning qo‘shma qaror bilan har bir vazirlik va idoralarda, ularning quyi tarmoqlarida tashkil etilgan tahlil, targ‘ibot va o‘rganishlarni amalga oshiruvchi guruhlari faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligi yuzasidan hisoboti tinglandi.

Shundan so‘ng, kriminogen vaziyatdan kelib chiqib, “qizil” toifaga kirgan Madaniyat mahallasida bo‘lib, mahalla yettiligining sohaga oid hamkorlikdagi faoliyati, hududda sodir etilgan jinoyatlarni sabablarini o‘rganish bo‘yicha qilingan ishlar ko‘rib chiqildi. Tadbir ishtirokchilari tuman Ichki ishlar bo‘limi navbatchi qism “E-material” elektron tizimiga kunlik ariza, xabar va hodisalarni ro‘yxatga olinishi bilan tanishdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.