Institutda ko‘rgazma tashkil etildi
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Xalqaro tasviriy va amaliy san’at festivali doirasida ko‘rgazma tashkil etildi.
Ko‘rgazmadan tasviriy san’at va muhandislik grafikasi kafedrasi professor-o‘qituvchilari, bakalavr ta’lim yo‘nalishi talabalari, shuningdek, tasviriy san’at va amaliy bezak san’at magistratura mutaxassisligida tahsil olayotgan magistrantlarning ijodiy ishlari o‘rin oldi.

Tadbirning ochilish marosimida institut rektori Quvondiq Qodirov, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi boshlig‘i Ulbosin Utegenova, Qoraqalpog‘iston xalq rassomi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasining haqiqiy a’zosi, akademik Sarsenbay Baybosinov va boshqalar so‘zga chiqib, ushbu tadbirni tashkil etishdan asosiy maqsad yoshlar tomonidan yaratilgan ijodiy ishlarni keng jamoatchilikka tanishtirishdan iborat ekanligini ta’kidladi.

Ko‘rgazmaga qo‘yilgan ishlar 2024-2025 o‘quv yilida bajarilgan bo‘lib, asosan moyli va akvarel bo‘yoqda ishlangan. Janr xususiyatiga ko‘ra manzara, natyurmort, portret janrlari o‘rin egallaydi. Shuningdek, turli janrdagi kartinalar bilan birgalikda zamonaviy texnologiyalar yordamida ishlangan ijodiy ishlar hamda amaliy bezak san’ati bo‘yicha turli buyumlar, hunarmandchilik namunalari ham ko‘rgazmaga qo‘yilgani tadbir ishtirokchilarining e’tiborini tortdi.
Tadbir doirasida tasviriy san’at va muhandislik grafikasi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi talabalari o‘rtasida tanlov ham o‘tkazildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.