Xalq uchun qilingan xizmat hamisha ulug‘lanadi

320

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida taniqli davlat va jamoat arbobi Pirjan Xalmuratov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab uning hayoti va xizmatlariga bag‘ishlangan ko‘rgazma bilan tanishdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi M.Atamuratov so‘zga chiqib, turli sohalarda uzoq yillar fidokorona mehnat qilgan Pirjan Xalmuratovning hayot yo‘li hamda yurtimiz ravnaqiga qo‘shgan xizmatlariga to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda yurtimizda Prezidentimiz rahbarligida inson qadri har narsadan ustun qo‘yilib, xalq uchun qilingan xizmat har tomonlama ulug‘lanib kelinmoqda. Ayniqsa, yurtimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga hissa qo‘shgan insonlarga ehtirom ko‘rsatish bilan birga, ularning mehnatini yuksak baholashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish haqida gap ketganda, albatta, jamoat va siyosat arbobi, mohir tashkilotchi Pirjan Xalmuratovning nomi hurmat bilan tilga olinadi.

Xalqimiz uning mashaqqatli mehnat yo‘lini, boy hayotiy tajribasini, xalq farovonligi yo‘lidagi xizmatlarini yuksak baholaydi va chuqur hurmat qiladi. Shuningdek, Pirjan Xalmuratov mohir tashkilotchilik qobiliyati, har qanday jamoani, hududni boshqarish qobiliyati bilan ajralib turadigan inson sifatida ham mashhur bo‘ldi.

U mehnat faoliyati davomida Qorao‘zak tumani va Nukus shahri prokurori, Xo‘jayli tumanlararo prokurori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari, Kegeyli va Xo‘jayli tuman partiya qo‘mitalarining birinchi kotibi lavozimlarida samarali mehnat qildi. Shuningdek, deputat sifatida ham samarali faoliyat olib borganligini alohida ta’kidlash lozim.

U qaysi lavozimda ishlamasin, o‘zining fidoyiligi, tashkilotchilik qobiliyati va yuksak insoniy fazilatlari bilan xalqimizning olqishiga sazovor bo‘ldi. Uning ko‘p yillar davomidagi xizmatlari munosib baholanib, bir qator orden, medallar bilan taqdirlandi.

Kecha davomida so‘zga chiqqan zamondoshlari va shogirdlari tomonidan uning mehnat yo‘li va xizmatlari xotirlandi.

Tadbir ishtirokchilariga san’at ustalari ijrosidagi konsert dasturi namoyish etildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.