Ukraina voqealarning salbiy rivojiga tayyorlanmoqda

Kiyev eng noxush ssenariy, ya’ni AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanish to‘xtab qolishiga tayyorlanmoqda, deb yozdi Germaniyada chiqadigan “Bild” gazetasi Ukraina hukumatidagi mulozimga tayanib.
Shuningdek, manba Prezident Donald Tramp taqdim etgan tinchlik rejasidan hafsalasi pir bo‘lganini bildirgan:
– Biz bu Trampning muzokara taktikasi, deb umid qilgandik, biroq u Vladimir Putinga bosim o‘tkazmaydi, hech qanday sanksiya qo‘llamaydi.
Ismini oshkor etmagan ukrainalik diplomat nashrga Tramp qo‘ygan shart Kiyev uchun nomaqbulligini bildirgan:
– Muzokara chog‘i qog‘ozga yozilgan va nimagadir ishora qilinayotgan shartni qabul qilib bo‘lmaydi. Biz bu darajada taslim bo‘lmaymiz. Hukumat tarafdor bo‘lsa-bo‘lmasa, xalq bunga qarshi chiqadi.
Avvalroq “Wall Street Journal” AQSH inqirozni hal qilish uchun Kiyevdan imtiyoz kutayotgani, jumladan NATOga qo‘shilishdan bosh tortish zarurligi da’vo qilingani haqida yozgandi.
Shuningdek, Vashington Qrimni Rossiyaniki, deb tan olishi mumkin. Zaporoje atom elektr stansiyasi ustidan nazoratni ham AQSHga topshirish taklif qilingan.
S.Rahimov, O‘zA