Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan Nukus tumanida kanallarni betonlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan keng jamoatchilikni tanishtirish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Jumladan, ishtirokchilar “Aqmang‘it” hamda “Diyxan-arna” kanalini ko‘zdan kechirdilar. Joriy yilda hukumat qarorlari hamda tegishli dasturlar asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 4 ta kanalda rekonstruksiya, betonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ulardan biri Nukus tumanidagi “Aqmang‘it” kanalidir.
Dastur doirasida “Aqmang‘it” kanalining 9,5 kilometr qismini betonlashtirish belgilangan. Hozirgi kunda kanalni joriy sug‘orish mavsumigacha belgilangan qismida betonlash ishlari nihoyasiga yetkazildi. E’tiborlisi, kanalni rekonstruksiya qilish bo‘yicha rejalashtirilgan ishlarni amalga oshirish natijasida, yiliga 7 million metr kub suv iqtisod qilinishi, shu bilan birga 2 ming gektardan ortiq fermer xo‘jaliklari hamda aholi tomorqa maydonlarining suv ta’minoti yaxshilanishi kutilmoqda.
Jurnalistlar tumanda irrigatsiya tarmoqlarini sug‘orish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va kelgusi rejalar yuzasidan tashkil etilgan ko‘rgazmali seminarda ham ishtirok etdi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Nukus tumani “Suv yetkazib berish xizmati” va “Qoraqalpoqsuvqurilishinvest” davlat muassasalari mas’ullari suv xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berdi.
Tadbir yakunida nuroniylar duosi bilan yangidan betonlangan kanallarga suv ochildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.