Yashirin sex faoliyatiga chek qo‘yildi

218

Beruniy tumanida qalbaki aksiz markalari bilan qadoqlangan qo‘lbola usulda tayyorlangan alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarayotgan yashirin sex faoliyatiga chek qo‘yildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya xodimlari hamda “Nukus vino zavodi” aksiyadorlik jamiyati mas’ullari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, tumandagi xonadonlarning birida alkogol mahsulotlarini qo‘lbola usulda ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yashirin sex tashkil etilganligi aniqlandi.

Xonadondan 0,45 litr sig‘imdagi 480 dona, 0,75 litr sig‘imdagi 36 dona, umumiy hisobda 243 litr qalbaki aksiz markalari bilan qadoqlangan sifati kafolatlanmagan alkogol mahsulot, 340 litr etil spirti, 55 litrli plastmassa idish, 3 metr rezina shlanga, 43 dona bo‘sh shisha ashyoviy dalil tariqasida olindi.

Fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga tegishli jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.