Tramp Zelenskiydan nega norozi?
– Qrim ko‘p yillar oldin boy berilgan, ya’ni bugun muhokama qilinadigan mavzu emas, – dedi Donald Tramp. – Zelenskiy urushni davom ettirsa, butun mamlakatni yo‘qotishi mumkin. Bu fikr Vladimir Zelenskiyning “Ukraina Qrim egallanishini qonuniy, deb tan olmaydi” mazmunidagi so‘zlariga munosabat o‘laroq yangragan.
– Ushbu bayonot Rossiya bilan olib borilayotgan tinchlik muzokarasi natijasiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi, chunki Qrim ancha oldin, Barak Obama davrida yo‘qotilgan, – dedi Amerika yetakchisi. – Hech kim Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olishni talab etayotgani yo‘q. Qrimni qaytarib olish uchun nega 11 yil oldin kurashilmadi? Ig‘vogarona bayonotlar urushni tugatishga qaratilgan muloqotni qiyinlashtiradi. U tinchlikni tanlashi kerak. Biz kelishuvga juda yaqinmiz, Zelenskiy ham ayni jarayonga qo‘shilishini istaymiz.
Xabaringiz bor, 23 aprel kuni Londonda Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Ukraina vakillari ishtirokida Rossiya bilan ziddiyatni tartibga solishga qaratilgan xalqaro maslahatlashuv yakunlandi. Dastlab uchrashuvda AQSH diplomatlari ham qatnashishi rejalashtirilgandi, biroq davlat kotibi Marko Rubio tadbirdan bir kun oldin, Zelenskiyning Qrim haqidagi bayonoti ortidan Londonga safarini bekor qildi.
– Bu bizning yerimiz, xalqimiz hududi, – degan Ukraina rahbari brifingda. – Ayni masalada biror tushunarsiz yoki muhokama qilinadigan hech nima yo‘q.
Londondagi muhokamada qatnashgan Ukraina delegatsiyasi rahbari Andrey Yermak aytishicha, yig‘ilish ishtirokchilari “Trampning tinchlik yo‘lidagi sa’y-harakatiga sodiqliklari”ni bildirishgan.
– Urushni tezroq to‘xtatishni istab, bizni qo‘llab-quvvatlayotganliklari uchun hamkorlarimizdan minnatdormiz, – deb yozgan mulozim ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
K.Bekjonov, O‘zA