San’at jonlantirgan Ayxyo qishlog‘i

175

Xitoy haqida gap ketganda hammaning ko‘ziga zamonaviy shaharlar, osmono‘par binolar va texnologiyalar keladi. Lekin bu mamlakatda ham qishloqlar yetarlicha.

Oziq-ovqat yetishtirishdan tortib, chorvachilik va boshqa sohalarda Xitoy qishloqlari ham ilg‘or hisoblanadi. Lekin shunday bir joy borki, avval xarobaga aylanib bugun minglab sayyohlarni o‘ziga jalb qilib kelmoqda. Bu maskan Xitoyning markaziy qismidagi Loyang  shahridan uncha uzoq bo‘lmagan, Loning tumanidagi Ayxyo qishlog‘i. Ushbu manzil san’atga burkangan sokinlik ramzidir.

Qishloq avvallari xarobaga aylangan, vaqt unuta boshlagan oddiy tog‘li maskan edi. Ammo 2015 yilda bu yerga xalqaro keramika san’ati ustasi Guo Ayxe qadam qo‘ydi. Ko‘pchilik tashlab ketgan bu hududda u chin san’at uchun joy, ruh uchun poydevor, odamlar uchun esa kelajak ko‘rdi. O‘sha vaqtdan boshlab Ayxyo sopol va insoniyat ruhiyatining qayta tiklanish markaziga aylandi.

Bugun bu maskan ko‘rkam ustaxonalar, rang-barang sopollar, hamda mozaikali yassiliklar bilan yashnab turibdi. Qishloqning etagidan boshlab, qiyalikka qarab 3 kilometrga cho‘zilgan keramika mozaikalari yotadi — xuddi sopol bo‘laklaridan tikilgan tarixiy doston kabi. Bu «keramika terrazalari» nafaqat ko‘zni quvontiradi, balki hayotga boshqa nigoh bilan qarashga undaydi. Kerakli paytda sinib, keyin chiroyli bir shaklda qayta yasalgan sopol singari, bu qishloq ham o‘z sinishlarini ijodga aylantirdi.

San’at markazining yuragi bo‘lgan «Xitoy uch rangli san’at galereyasi» minglab Tang davriga oid rangli sopollar, zamonaviy installyatsiyalar va haykallar bilan to‘la. Aynan shu joyda mahalliy aholi va chet ellik mehmonlar tarixni tutib ko‘radilar, bir-birlariga hikoyalar aytib beradilar – qog‘ozda emas, sopolda. Sayyohlar bu yerga faqat tomosha qilish uchun emas, balki o‘z qo‘li bilan sopol buyumlarni yaratish, shakl berish, his qilish uchun keladilar. Har yili o‘tkaziladigan «san’at» festivali davomida butun Xitoy va xorijdan rassomlar kelib, aynan shu qishloqda yashab, ijod qilishadi.

Ayxyo bugungi kunda yiliga 300 mingdan ortiq sayyohni qabul qilmoqda. Bu joyning har bir burchagida xotirjamlik bor, har bir devorida esa o‘zga tarix.

Bir paytlar tashlandiq bo‘lgan uylar hozir san’at galereyalari, ijodiy ustaxonalar, ijaraga beriladigan san’at uychalari bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ayxyo bugun Xitoyda «eng chiroyli qishloq» sifatida tan olingan. U davlat tomonidan madaniy turizm markazi sifatida e’tirof etilgan. Har bir sayyoh o‘zi bilan bir olam taassurot bilan birga, esdalik uchun xitoy chinni buyumlaridan olib ketishlari mumkin.

Nozimbek Mardonov Loyang shahridan tayyorladi. O‘zA