Turkiya Prezidenti Istanbuldagi zilzilaga baho berdi

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘on ijtimoiy tarmoq orqali Istanbuldagi zilzila tufayli shaharda jiddiy muammo yuzaga kelmaganini ma’lum qildi. Yetakchi ta’kidlashicha, rasmiylar to‘liq hushyor turishibdi.
Ma’lumki, kuni kecha Istanbul qirg‘og‘i yaqinida, Marmara dengizida soat 12:49 da 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Mamlakat Tabiiy ofatlarni boshqarish boshqarmasi (AFAD) ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlar qayd etilmagan.
– Muvofiqlashtiruvchi yig‘ilishda eng so‘nggi ma’lumotlarni oldik, joriy vaziyatni baholab, zilzila oqibatini kamaytirish uchun ko‘rilgan choralar va galdagi vazifalarni belgilab oldik, – dedi davlat rahbari. – Qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida zilzila sezilgan shaharlarda muammoli vaziyat yuzaga kelgani yo‘q. Yaxshiyamki, qurbonlar yo‘q.
Fuqarolarimiz xotirjam bo‘lishi mumkin. Barcha bo‘linmalar 24/7 rejimida hushyor, mamlakatimiz manfaati uchun ishlashda davom etadi.
Hukumat kuchli yer silkinishidan ko‘rilgan zararni baholay boshlagan. Bu haqda ichki ishlar vaziri Ali Erliqoya ijtimoiy tarmoqda ma’lum qildi.
Avvalroq AFAD yer kuchli qimirlashi natijasida devorlar silkinib, qandillar chayqalgani, elektr quvvati qisqa muddatga o‘chgani, internetda uzilish bo‘lganini tan olgandi.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, asosiy zarbadan so‘ng 184 marta qayta silkinish (aftershok) kuzatilgan, yetti bor magnituda 4 dan yuqoriga ko‘tarilgan.
– Yer osti silkinishi yaqin kunlarda ma’lum muddat davom etadi, – deyilgan maxsus bayonotda.
Mutaxassislar zilziladan keyin buzilgan uylarga kirmaslikni maslahat bermoqda.
Shimoliy Anadolu yorig‘ining bir tarmog‘i Marmara dengizi hududi, Istanbul qirg‘og‘idan o‘tgan.
– Olimlar shu mintaqada yana 7 magnitudali kuchli zilzila kuzatilishini bashorat qilmoqda, – deydi seysmologiya professori, munitsipalitetning zilzila masalalari bo‘yicha olimlar kengashi a’zosi Xaluk Eyido‘g‘on “RIA Novosti” agentligi muxbiri bilan suhbatda. – Tabiiy ofatning iqtisodiy oqibati butun mamlakatda seziladi.
Istanbul hokimligi hisob-kitobiga ko‘ra, 7,5 magnitudali zilzila sodir bo‘lsa, shahardagi 90 000 ga yaqin bino vayron bo‘ladi, 4,5 millioncha fuqaro vaqtincha uy-joyga muhtoj bo‘ladi. Sug‘urta kompaniyalari taxminicha, ehtimoliy moliyaviy zarar 325 milliard dollardan oshishi mumkin.
S.Rahimov, O‘zA