Tramp kutilmagan muammoga duch keldi

216

AQSH Prezidenti Donald Trampning jamoatchilik orasidagi obro‘si borgan sari tushib ketmoqda. Kuni kecha “Reuters” agentligi “Ipsos” kompaniyasi bilan birga o‘tkazgan tadqiqot natijasi yangi rahbarning reytingi  eng past darajaga tushganini ko‘rsatdi.

– Olti kun davom etgan so‘rovda respondentlarning 42 foizi Trampning prezidentlik faoliyatini ma’qullagan, – deyiladi materialda. Holbuki,  yanvar oyida, ya’ni inauguratsiyadan keyingi so‘rovda  Oq uy rahbarini 47 foiz ishtirokchi qo‘llab-quvvatlagan.

Ipsos and Interamerican Development Bank - Esomar Foundation

Tadqiqotga ko‘ra, ovoz beruvchilarning qariyb 59 foizi, jumladan respublikachilarning uchdan biri Amerika jahon sahnasida mavqeini yo‘qotayotganiga e’tibor qilgan. Bunga yetakchining tajovuzkor siyosati, o‘z hokimiyatini kengaytirishga qaratilgan harakatidan amerikaliklar xavotirga tushayotgani sabab bo‘lishi mumkin, deya izoh bergan agentlik.

Birinchi prezidentligi davrida Tramp siyosatini, “Gallup” kompaniyasi o‘tkazgan  so‘rovga ko‘ra, 41 foiz amerikalik ma’qullagan. Bu Ikkinchi jahon urushidan keyingi davr rahbarlari ko‘rsatkichidan 19 foiz kam. AQSH Prezidentlarini 1952-2020 yillar oralig‘ida birinchi chorakda o‘rtacha ma’qullanish reytingi 60 foizni tashkil etgan.

4306 nafar yoshi ulug‘ fuqaro qatnashgan so‘rov ishtirokchilarining to‘rtdan uch qismi Tramp uchinchi muddatga saylanmasligi kerak, deb hisoblaydi, 59 foizi Qo‘shma Shtatlar jahon sahnasida o‘z ishonchini yo‘qotayotganini ta’kidlagan. Tadqiqotning baholangan xatolik chegarasi 2 foiz.

Darvoqe, mazkur so‘rovni “Reuters” o‘tkazishiga Oq uy ma’muriyati salbiy munosabat bildirib keladi. Masalan, avvalroq agentlik tadbirkor, Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari Ilon Mask ommani chalg‘itish uchun davlatdan millionlab dollar olganini ma’lum qilgandi. Tramp o‘z navbatida ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali agentlikdan Amerika hukumati, xususan Mudofaa vazirligidan olgan pullarini qaytarishni talab qilgan.

Tramp avvalroq konstitutsiyada cheklov mavjud bo‘lsa-da, uchinchi muddatga qayta saylanish imkoniyati mavjudligini aytgan. Qomusda bir shaxs ketma-ket ikki muddatdan ortiq oliy lavozimni egallashi taqiqlangan, biroq matn to‘liq izohlanmagan. Tramp ikkinchi muddatga saylangan ikkinchi prezident. Grover Klivlend (AQSHning 22 va 24-prezidenti) davrida Konstitutsiyada 22-tuzatilgan band yo‘q edi. Muddatlar soni bo‘yicha cheklov qonun bilan mustahkamlanmagan, ammo so‘zsiz kelishuv bor edi. 1951 yil Franklin Ruzvelt o‘zining to‘rtinchi muddati boshida vafot etgandan keyingina konstitutsiyaga shunday o‘zgarish kiritilgan.

S.Rahimov, O‘zA