O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi tashabbusi bilan “To‘lovga qobiliyatsiz deb topish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishning o‘ziga xos xususiyatlari: sud amaliyotidagi muammolar va ularning yechimi” mavzusida o‘quv-seminari tashkil etildi.

Tadbirda sudyalar, davlat soliq boshqarmasi, prokuratura, davlat aktivlarini boshqarish agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, sud boshqaruvchilari ishtirok etdi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisi o‘rinbosari, iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi B.Ktaybekov to‘lovga qobiliyatsizlik (bankrotlik) murakkab va ko‘p jihatli huquqiy jarayon bo‘lib, uni to‘g‘ri yuritish mas’ul soha vakillaridan  chuqur bilim, tahlil qilish qobiliyati va amaliy tajriba talab etishini ta’kidladi. Chunki sud amaliyotida bankrotlik ishlarining soni ortib borishi, ayniqsa, kichik va o‘rta biznes sohalarida, ushbu masalaga jiddiy yondashishni taqozo etmoqda. “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qarzdorlarning moliyaviy qobiliyatini aniqlash va ularning to‘lovga qobiliyatsizligini to‘g‘ri baholash imkonini beradi. Shu boisdan ham, mazkur qonun normalarni to‘g‘ri va aniq qo‘llash sohada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli muammolarning oldini olishga xizmat qiladi.

– 2025 yilning 1 mart holatiga sudlarning ish yurituvida tugatishga doir ish yuritish muddati bir yildan oshgan 82 ta to‘lovga qobiliyatsiz (bankrot) korxona mavjud bo‘lib, ushbu toifadagi ishlar ayrim hollarda harakatsiz qoldirilgan yoki tugatish boshqaruvchisi tomonidan oraliq va  yakuniy hisobot taqdim qilinmagan. Qonun talabiga ko‘ra, har chorakda oraliq hisobot, ish tugaganda yakuniy hisobot topshirilishi shart. Bankrotlik jarayonlarining cho‘zilishi kreditorlarning manfaatlariga zarar yetkazadi, iqtisodiy muomaladagi ishonchni kamaytiradi va biznes muhitini noaniq holga keltiradi, –deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining sudyasi A.Ayapov.

Tadbirda to‘lovga qobiliyatsiz deb topilgan hamda bir yildan ortiq muddat davomida tugatish ishlari yakunlanmagan korxonalarni tugatish bo‘yicha ish holatlari shu ishga mas’ul bo‘lgan shaxslar ishtirokida atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, Soliq kodeksi hamda “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonun va boshqa qonunosti hujjatlari normalari bilan ishlashda ularni amalda to‘g‘ri qo‘llash, qonunchilikda belgilangan protsessual muddatlarga og‘ishmay rioya qilish, ishlarni ko‘rib chiqishda tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy manfaatlariga putur yetkazmaslik hamda yuzaga kelayotgan muammoli holatlarni qonun doirasida bartaraf etish lozimligi atroflicha tushuntirildi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri