
Ellikqal’a tumanidagi “Sarabiy” ovulida yangi mahalla majmuasi foydalanishga topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 18 sentyabrdagi “Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tumanda bir qator yangi ob’ektlar qurilishi belgilangan edi. Xususan, 4 milliard so‘mga yaqin mablag‘ evaziga “Sarabiy” ovul fuqarolar yig‘ini hududida mahalla majmuasi binosi qurib bitkazildi.
Qaror ijrosi doirasidagi ishlar qishloq aholi punktlarining me’moriy qiyofasini tubdan yangilash, hududlarni kompleks rivojlantirish, yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo etish orqali aholining turmush madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

***
Nukus tumani “Samanbay” ovul fuqarolar yig‘inida “Nukus broyler” korxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari R.Saparbayev ishtirok etib, yig‘ilganlarni yangi korxonaning foydalanishga topshirilishi bilan qutladi.
Umumiy 40 milliard so‘m mablag‘ hisobidan ishga tushirilayotgan korxonada yiliga 1 ming 920 tonna tovuq go‘shti yetishtiriladi. Hozirgi vaqtda hududda yashovchi 35 nafar kishining bandligi ta’minlangan bo‘lib, korxonaning to‘liq quvvatda ishga tushishi bilan 100 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.

***
Nukusda “Iqtidor maktab ansambli” ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda shahar va tumanlardagi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan jami 120 nafardan ziyod yosh iqtidor egalari ishtirok etdi.
Tanlov yakunida Qorao‘zak tumanidagi 28-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining “Muxalles” guruhi birinchi, Chimboy tumanidagi 40-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining “Sahro bulbullari” guruhi ikkinchi va Qo‘ng‘irot tumanidagi 20-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining “Yosh iqtidorlilar” guruhi uchinchi o‘rinlarni egalladi.
G‘olib bo‘lgan Qorao‘zak tumanining “Muxalles” guruhi ko‘rik-tanlovning O‘zbekiston Respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

***
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo hamda To‘rtko‘l tumanlari bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tabiiy gazdan va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi.
Jumladan Departamentning Amudaryo tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro I.P. xonadonida tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 177,7 million so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi. Departamentning To‘rtko‘l tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro S.A. xonadonida elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, 146,9 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri.