
Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham 2025 yil – “Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” iqtisodiyot yili”ga bag‘ishlangan xalqaro an’anaviy Tasviriy va amaliy san’at festivali yuqori saviyada o‘tkazilmoqda.
Tadbirning ochilish marosimida konsert dasturi, rassomlar hamda dizaynerlar ko‘rgazmalari, oliy o‘quv yurtlari talaba-yoshlari, bolalar musiqa va san’at maktablari, ixtisoslashtirilgan san’at maktabi o‘quvchilarining rasm chizish jarayonlari, mahorat darslari o‘tkazildi.
Mazkur festival doirasida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti San’atshunoslik fakulteti talabalarining “Debyut” nomli ijodiy ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda talaba-yoshlarning 115 ta ijodiy ishi o‘rin oldi.
Universitet tarkibida 2020 yilda San’atshunoslik fakulteti ochildi va talabalarga uchta yo‘nalishda – rangtasvir, amaliy badiiy san’at (kulolchilik) va dizayn (libos va matolar) mutaxassisliklarida ta’lim berilmoqda. Talabalar mamlakatimizda hamda chet davlatlarda bo‘lib o‘tgan xalqaro tanlovlar, seminar va festivallarda faol ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Ko‘rgazmani o‘tkazishdan asosiy maqsad, ushbu sohada ta’lim olayotgan talabalarning ijodiy mahoratini kuzatish, ularning ijodiy ishlari orqali xalqimiz tarixi, madaniyati, urf-odatlari aks ettirilgan kartinalarni tomoshabinlar e’tiboriga taqdim etish, yurtimizda kulolchilik sohasining qayta tiklanishi va rivojlanishini yo‘lga qo‘yish, ularning yaratgan asarlari bilan estetik zavq olish hamda yaqindan tanishishdir.
San’atshunoslik kafedrasi professor-o‘qituvchilarining ta’lim jarayonida yosh iste’dod egalariga tasviriy va amaliy san’at sirlarini, qonun-qoidalarini, rasm chizish usullarini o‘rgatishi talabalarning ijodiy ishlarining yanada rivojlanishiga katta turtki bo‘layotganligini ko‘rishimiz mumkin. Jumladan, R.Abdimuratovning “Chorjao‘ Abdirov portreti”, R.Serimbetovning “Ona va bola”, R.Tao‘muratovning grafik, S.Allambergenovning Qoraqalpoq milliy naqshlari bilan bezatilgan keramika-kulolchilik ishlari, M.Jumaniyazovaning milliy naqshlar aks etgan kashtachilik buyumlari, G.Ataniyazovaning dekorativ kompozitsiyalari va boshqa ko‘plab yoshlarning ijodiy ishlari ko‘rgazmadan o‘rin olgan. Peyzaj, portret, natyurmort asarlarida yosh rassomlarning ona yurtimiz tabiati, xalqimizning urf-odatlariga bo‘lgan muhabbati yaqqol namoyon bo‘ladi.
Tasviriy va amaliy san’at festivali 25 aprelgacha davom etadi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.