Ta’lim: islohotlar, muammolar, yechimlar

196

Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov boshchiligida umumiy o‘rta ta’lim maktablari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mutasaddilari, shahar va tuman hokimlari o‘rinbosarlari, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘lim boshliqlari, umumiy o‘rta ta’lim maktab direktorlari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘nggi yillarda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shu jumladan, davlatimiz rahbarining joriy yil 19 martdagi “Maktabgacha va maktab ta’limi sohasida boshqaruv tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatiga keng to‘xtalib o‘tildi.

Ta’kidlanganidek, Maktabgacha va maktab ta’limi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning eng quyi tizimgacha yetib borishini ta’minlash, tizim xodimlarini munosib rag‘batlantirish hamda vertikal boshqaruv tizimi samaradorligini oshirish orqali sifatli ta’limga erishishda mazkur farmon muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Jumladan, maktabgacha va maktab ta’limining barcha darajasidagi boshqaruv tuzilmalariga yuqori salohiyatli, zamonaviy bilim, ko‘nikma va malakaga ega tashabbuskor nomzodlarni tanlov asosida jalb qilish, sifatli ta’lim berilishini ta’minlashda o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarni egallashlari, tanqidiy fikrlash, pedagoglarning kasbiy va pedagogik mahoratini oshirish hamda ularga malaka toifalarini berishning yangi tizimini joriy etish sohada boshqaruvning asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi.

Tizimga qaratilayotgan alohida e’tibor natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Vazirlar Kengashi hamda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining qo‘llab-quvvatlashi bilan yangi tashabbuslar amalga oshirilganligi ta’kidlandi.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi delegatsiyasi Angliyaning Kembrij universitetiga tashrif buyurib, xalqaro tan olingan Kembrij ta’lim dasturini O‘zbekiston Respublikasi umumiy o‘rta ta’lim maktablari orasida birinchi marta Nukus shahridagi 46-sonli maktabda joriy etdi. Nukus shahrida “Al-Xorazmiy vorislari” loyihasi amalga oshirilib,  g‘olib bo‘lgan 80 nafar o‘quvchi IT park Qoraqalpog‘iston filiali binosida bepul, 11-sinfni bitirguncha IT va ingliz tilidan o‘qitish tadbirlari boshlandi. Ta’lim sifati past bo‘lgan maktablar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha “Qoraqalpog‘iston tajribasi” sifatida “Metodik-tur” loyihasi doirasida respublika seminari tashkil etildi. Shuningdek, umumta’lim maktablaridagi mutaxassis va ikkinchi toifali o‘qituvchilarni pedagog kadrlar attestatsiyasiga manzilli tayyorlash tizimi joriy etilganligini ta’kidlash lozim.

Tadbirda umumta’lim maktablarida, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida  mana shunday ijobiy o‘zgarishlar bilan bir qatorda, ayrim kamchiliklar, o‘z yechimini kutayotgan muammolar ham qayd etildi. Mazkur kamchiliklarni hamkorlikda bartaraf etish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.