Ommaviy sportni rivojlantirish masalalari tahlil etildi

Poytaxtimizda ommaviy sportni rivojlantirish masalalari yuzasidan Sport vazirligi mutasaddilari hamda hududiy sport boshqarmalari mutaxassislari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi sport musobaqalari orqali 15 million aholini qamrab olish lozimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda ommaviy sportni rivojlantirish borasidagi ishlarning holati hamda bu borada joylarda amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etildi. Tizim tashkilotlari rahbarlari va xodimlarining bu boradagi faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Muhokamalar chog‘ida sport vaziri A.Ikromov hududlar kesimida ommaviy sportni rivojlantirish, maktab o‘quvchilaridan “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarini qabul qilish holati va kelgusida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar haqida so‘z yurtitib, 30 yoshdan katta aholi o‘rtasida “Mahalla ligasi” sport musobaqalarini o‘tkazishda e’tiborga molik jihatlarni ta’kidladi.
Yig‘ilishda ushbu jarayonlarni uyushqoqlik bilan tashkil etish, hududlarda nogironligi bo‘lgan insonlar o‘rtasida adaptiv sport turlari bo‘yicha musobaqalarni yangicha yondashuv asosida o‘tkazish bo‘yicha tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berib o‘tildi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA