“Grenke Freestyle Chess Open”da hamyurtimiz g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi

149

Germaniyada yakunlangan “Grenke Freestyle Chess Open” xalqaro turnirining “A” guruhida Javohir Sindorov 294 nafar ishtirokchi orasida 6,5 ochko bilan 22-o‘rinni egallagan bo‘lsa, mazkur musobaqaning “V” guruhida dona surgan umidli shaxmatchimiz Fayzullo Halimjonov 8 ochko bilan g‘oliblikka erishdi.

Nufuzli musobaqaning “A” guruhida norvegiyalik Magnus Karlsen 8-turdayoq 4 karra Ozarbayjon chempionligiga erishgan Rauf Mamedovni mag‘lub etib, g‘oliblikni muddatidan avval hal etdi.

Javohir Sindorovning mazkur turnirda kuchlilar safidan o‘rin olishiga juda oz qolgandi. Ammo 8-turda germaniyalik Frederik Sveynga qarshi kechgan bahsda Sindorov oq donalarda harakatlanganiga qaramay, uchrashuvning 28, 29-yurish holatlarida qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ygani raqibiga ustunlikni taqdim etdi. Bu esa o‘z navbatida, hamyurtimizning ochko yo‘qotishi ortidan sovrindorlikka da’vogarlar ro‘yxatidan mosuvo etdi.

“A” guruhidagi o‘yinlar sarhisobiga binoan g‘olib shaxmatchi 9 ochko jamg‘argan bo‘lsa, keyingi pog‘onalardan joy olgan 7 nafar ishtirokchi 7, 16 nafar shaxmatchi 6,5 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.

“V” guruhida dona surgan hamyurtimiz Fayzullo Halimjonovning 194 nafar ishtirokchi orasida shov-shuvli o‘yin namoyish etgani ushbu musobaqaning o‘zbek shaxmati uchun e’tiborli jihati bo‘ldi.

Hamyurtimiz o‘tkazilgan 9 ta turning 7 tasida g‘alaba, 2 tasida durang natija qayd etib, 8 ochko bilan g‘oliblikni tantana qildi. Halimjonov ushbu yutug‘i ortidan turnir nizomiga muvofiq “V” guruhi g‘olibi uchun belgilangan 2 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mukofoti sohibiga aylandi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA