Qirg‘izistonda jangovar uchuvchisiz uchoqlar bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazildi

Qirg‘izistonda maxsus bo‘linmalarning jangovar uchuvchisiz uchish apparatlari va robotlardan foydalanish bo‘yicha mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi, deb xabar tarqatdi mamlakat Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.
– 22 aprel kuni Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi, general-polkovnik Qamchibek Tashiyev boshchiligida “Asman Kozomolu – 2025” (“Osmon kuzatuvchisi-2025”) terrorizmga qarshi o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi, -deyiladi manbada.
Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mashg‘ulotlardan ko‘zlangan maqsad, maxsus bo‘linmalar xodimlarining operativ jangovar harakatlar paytida uchuvchisiz boshqariladigan uchoqlar va yerdagi robotlardan foydalanish bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirish, shuningdek, dronlar va kvadrokopterlardan xavfsiz foydalanishni amalda sinab ko‘rishdan iborat.
S.Rahimov, O‘zA