Munosiblar keyingi bosqichga yo‘llanma oldi

221

Ayni kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining 2025 yil 6 martdagi yig‘ilishi qarori bilan tasdiqlangan nizom doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolarini saylash jarayoni bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi majlislar zalida saylovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, huquq va manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish va rag‘batlantirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, Yoshlar parlamentiga saylov – yoshlarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga hurmat ruhida tarbiyalash, yigit-qizlarda bahs-munozara madaniyatini shakllantirish, elektorat manfaatlarini himoya qilish hamda har bir partiyaning yoshlarga oid taklif va tashabbuslarini ilgari surish, vakillik organlariga nomzodlar zaxirasini shakllantirish maqsadida o‘tkaziladi. Mazkur saylovda ishtirok etayotgan 316 nafar nomzod 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan oliy (tugallanmagan oliy) ma’lumotga ega, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, siyosiy partiyaga a’zo, xayrixoh faol yoshlar hisoblanadi.

Shuningdek, saylovga  O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari yordamchilari va partiya tizimida faoliyat yurituvchi xodimlar hamda Yoshlar parlamentiga avvalgi saylovda saylanganlar ham nomzod sifatida hujjat topshirishdi. Eng asosiysi, mazkur saylovda gender tenglikka e’tibor qaratilgan bo‘lib, nomzodlar umumiy sonining kamida 30 foizini xotin-qiz tashkil etadi.

– Saylov uni o‘tkazish tartibi, shartlari, nizomi, maqsad va vazifalari asosida tashkil etildi. Unga muvofiq Yoshlar parlamentiga saylov jarayonida yoshlarning to‘laqonli va samarali ishtirokini ta’minlashda hududiy saylovoldi shtabi tashkil etildi. Saylovni ochiq, oshkora va xolisona o‘tkazish maqsadida partiya hududiy, shahar hamda tuman Kengashlarida tashkiliy qo‘mita va hakamlar hay’ati tayinlandi va faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilib berildi, – deydi O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi bo‘lim mudiri Klara Xudaybergenova.

Saylov jarayoni ikki bosqichda tashkil etildi. Ikkinchi Qoraqalpog‘iston Respublikasi saralash bosqichida 57 nafar yosh ishtirok etdi. Ushbu bosqichda nomzodlarning davlat tilidagi savodxonlik darajasi, siyosiy partiya faoliyatidagi ishtiroki, qonunchilik sohasidagi bilim va ko‘nikmasi, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha asoslantirilgan takliflari, davlat boshqaruviga oid bilimi, siyosiy va huquqiy savodxonligi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga munosabati hamda yetakchilik qobiliyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Taqdim etilgan barcha hujjatlar, hakamlar hay’ati va tashkiliy qo‘mitalar tomonidan ochiqlik, oshkoralik va adolat tamoyillari asosida o‘rganilib, eng munosib va faol to‘qqiz nafar nomzod Respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.