O‘zbekiston kitobxonlar yurtidir

222

Nukusda “O‘zbekiston – kitobxonlar  yurti” shiori ostida V Respublika  “Kitobxonlik haftaligi”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Kenesbay Karimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i Botir Yerejepov, “Amudaryo” jurnali bosh muharriri, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Xalila Dao‘letnazarov so‘zga chiqib, barkamol avlod tarbiyasida kitobxonlikning ahamiyatiga to‘xtaldi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 dekabrdagi “2020 – 2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida joriy yilning 21 – 27 aprel kunlari oralig‘ida mamlakatimizning barcha hududlarida “O‘zbekiston – kitobxonlar  yurti” shiori ostida V Respublika “Kitobxonlik haftaligi”ni o‘tkazish belgilangan.

Haftalik doirasida “Kitoblar olamiga sayohat” kitoblar yarmarkasi, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi, Berdaq nomidagi davlat mukofoti sovrindori Jolmirza Aymurzayev tavalludining 115 yilligiga bag‘ishlangan “Asarlari mangu barhayot” mavzusida ijodiy kecha, “Sergey Yeseninning eng yaxshi kitoblari” mavzusida davra suhbati, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Altingul O‘teniyazovaning ijodiga bag‘ishlangan “Ko‘ngli nozik, tabiati fidoyi shoira”, “Jadidlarga hurmat” mavzusida adabiy badiiy kecha, yosh shoir, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi M.Saribayevning “Mening onam” kitobi taqdimoti, “Xalqimiz yaxshilikni tanlaydi” shiori ostida “Atrof-muhitni muhofaza qilish” mavzusida rasm chizish tanlovi va boshqa ko‘plab  tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Tadbir ishtirokchilariga san’at ustalarining konsert dasturi, yangi kitoblar ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA