Pedagoglar attestatsiya sinovlaridan o‘tmoqda

207

Nukus shahridagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazida ta’lim muassasalari pedagoglari ishtirokidagi attestatsiya sinovlari bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 sentyabrdagi “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, attestatsiya sinovlari joriy yilning aprel-may oylarida o‘tkazilishi belgilangan. Qaror asosida pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan malaka toifasini berish amaliyoti takomillashtirilib, inson omilisiz o‘tkaziladigan yangi tizim joriy qilindi.

Yanvar-iyun oylarida 25 fan bo‘yicha 17 ming 600 nafarga yaqin pedagog kadr attestatsiya sinovida ishtirok etish uchun o‘z arizasini taqdim etgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, pedagoglar attestatsiyada navbatdagi majburiy, navbatdan tashqari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri attestatsiya shaklida ishtirok etishlari mumkin.

Test sinovlari to‘liq yakunlangandan keyin natijasi bo‘yicha vazirlik tomonidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, pedagog.uzedu.uz yagona elektron platformasida pedagoglarning shaxsiy kabinetiga egallagan toifalari haqida besh yil muddatga elektron sertifikat yuklanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Qorao‘zak tumani ixtisoslashtirilgan maktab o‘qituvchisi Sayyora Muratbayeva 96 ball, Amudaryo tumani ixtisoslashtirilgan maktab o‘qituvchisi Sarvar Ollamberganov 96 ball, ushbu tumandagi 40-maktab o‘qituvchisi Nurbek Jumaniyozov 94 ball, Shumanay tumani ixtisoslashtirilgan maktabning ingliz tili o‘qituvchisi Biybixon Saparniyazova 94 ball, Ellikqal’a tumani 25-maktab o‘qituvchisi Shirin Radjapova 94 ball, Chimboy tumani ixtisoslashtirilgan maktabning o‘qituvchisi Tursingul Uteniyazova 94 ball, To‘rtko‘l tumani 3-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabning o‘qituvchisi Islom Nurullayev 94 ball, Beruniy tumani 53-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabning o‘qituvchisi Klara Qushatboyeva 92 ballni egallab oliy toifa egasi bo‘ldi.

Shuningdek, Qo‘ng‘irot tumani 31-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining o‘qituvchisi Hurliman Ko‘ptileshova 90 ball bilan birinchi, Chimboy tumani 35-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabning o‘qituvchisi Durdona Karamatdinova 90 ball bilan  ikkinchi toifa egasi bo‘ldi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.