Tibbiyot sohasidagi islohotlar inson salomatligiga xizmat qiladi

Mamlakatimizda, shu jumladan, Orolbo‘yida tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiyot muassasalarini xavfsiz va sifatli dori-darmonlar, tibbiy buyumlar bilan ta’minlash, sohaga raqamlashtirishni joriy etishda o‘zining ijobiy natijasini bermoqda.
Qoraqalpog‘istonda 2017-2024 yillarda “Bir qadam” tamoyili asosida 82 ta oilaviy shifokorlik punkti, 81 ta oilaviy poliklinika, 92 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etildi. Ixtisoslashtirilgan markazlar hududiy filiallarida 150 turdagi yangi texnologiyalar joriy etildi. Yiliga 4 ming 500 nafar bemorning Toshkent va chet elga bormasdan yuqori texnologik yordam olish imkoni yaratildi. To‘rtko‘l, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlarida qo‘shma shikastlanishlar, o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etilib, bemorlarga tumanlarning o‘zida shoshilinch va malakali tibbiy yordam ko‘rsatilishi ta’minlandi. Yangicha yondashuvlar asosida 966 ta tibbiyot brigadasi tashkil etilib, oilaviy shifokorning 40 foiz yuklanmasi o‘rta tibbiyot xodimlari tomonidan bajarilishi belgilandi.

Oilaviy shifokorlik punktlari, oilaviy, shahar va tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda 1 ming 266 ta kunduzgi statsionar o‘rni tashkil etilib, ularda ishlovchi tibbiyot xodimlari uchun qo‘shimcha ustama haq to‘lash belgilandi. Natijada bemorlarga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami kunduzgi shifoxonasida uyidan ajralmagan holda davolanish imkoni yaratildi.

Onalik va bolalikni muhofaza qilish va reproduktiv salomatlikni saqlash borasida xam so‘nggi yillarda ijobiy natijalarga erishilmoqda. Masalan, Nukus shahrida “Bolalar tibbiyot klasteri” surunkali kasalligi va nogironligi mavjud bo‘lgan bolalar uchun 120 o‘rinli bolalar tibbiy reabilitatsiya markazi, Xo‘jayli tumanida 80 o‘rinli bolalar ftiziatriya sanatoriysi tashkil etildi. Respublikada 4 yoshli bolalar o‘rtasida virusli gepatit “A” kasalligining oldini olish maqsadida rejali emlashni tashkillashtirish rejalashtirilgan. YUNISEF va BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi, Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasining moliyaviy ko‘magida homilador ayollar va go‘daklarga ko‘rsatilayotgan perinatal yordam sifati va ommabopligini oshirish loyihasi amalga oshirildi. Ushbu loyiha uchun 1,8 million dollar miqdorida mablag‘ jalb etildi.

2017-2024 yillarda Respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan 17 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikadan 1 tasi, 81 ta oilaviy poliklinikadan 26 tasi, 74 ta oilaviy shifokorlik punktidan 9 tasi, 38 ta respublika va tuman darajasidagi shifoxonalardan 31 tasi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi yo‘nalishi bo‘yicha ta’mirlandi. Bundan tashqari 8 ta oilaviy shifokorlik punkti va 19 ta oilaviy poliklinika ta’mirlanib, ish faoliyatini boshladi. Tez tibbiy yordam xizmati 81 ta yangi tez tibbiy yordam maxsus avtotransport vositasi bilan ta’minlandi. Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston filialining 175 o‘rinli binosini yangidan qurish loyihasini Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritilib, loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash ishlari olib borildi va yaqin kunlarda qurilish ishlari boshlanish arafasida.

Tibbiyot xodimlari mehnatini rag‘batlantirish, olis va chekka hududlarga shifokorlarni jalb etish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 38 ta mahalla olis hududlar ro‘yxatiga kiritildi. Viloyatlar hamda Toshkent shahridan, shuningdek, xorijiy davlatlardan Taxtako‘pir, Chimboy, Qorao‘zak, Bo‘zatov, Shumanay, Qo‘ng‘irot tumanlariga borib ishlovchi shifokorlarning oylik lavozim maoshiga dastlabki uch yil davomida 100 foiz, Mo‘ynoq tumanida esa 200 foiz miqdorida qo‘shimcha har oylik ustama to‘lovlari davlat byudjeti mablag‘i hisobidan to‘lanmoqda.

– Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi jami 217 ta muassasaga, 7 ta Respublika markazi filialida, 17 tuman markaziy shifoxonasi, 17 ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, 82 oilaviy poliklinika, 81 oilaviy shifokorlik punktida va 13 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, oilaviy poliklinika, oilaviy shifokorlik punkti filiallarida “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” axborot tizimlari shakllantirilib, bemorlarni oilaviy shifokorlarga biriktirish, onlayn qabulga yozilish, patronaj, profilaktik ko‘riklar, skrining dasturlari va ularning natijalarini tahlil qilish, bemorlarni qo‘shimcha tekshirish, konsultatsiya va davolashga yo‘naltirish hamda qayta bog‘lanish imkoniyatlarini o‘z ichiga olgan “Yagona tibbiyot tizimi” yaratildi va joriy etildi. Bugungi kunda “Yagona tibbiyot axborot tizimi” joriy etilishi hisobidan oldin bemor shifokor qabulida 40 daqiqa kutgan bo‘lsa, shifokorga onlayn yozilish orqali kutish vaqti 10 daqiqaga tushdi. Mijozning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar so‘rash bilan bog‘liq ovoragarchiliklarga chek qo‘yildi. Buning natijasida esa istalgan tibbiyot muassasalarda bemor haqidagi tibbiy ma’lumotlar real vaqt rejimida olish imkoni yaratildi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Timur Sarbayev.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 7 iyuldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2022-2024 yillarda aholi salomatligini muhofaza qilishni yanada kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tibbiy xizmatlar sifati va qamrovi oshib bormoqda. Xususan, Nukus shahrida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filialining yangi binosi foydalanishga topshirilgani, bu mustaqillik yillarida qurilgan birinchi ko‘p tarmoqli shifoxona bo‘ldi.
– To‘rt qavatli yangi binoda shoshilinch qabul-diagnostika, reanimatsiya, jarrohlik, neyrojarrohlik, travmatologiya, kardiologiya, ginekologiya, pediatriya, laboratoriya tashxisi va amaliyot bo‘limlari joylashgan. Barcha bo‘limlar zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan. 130 o‘rinli yangi majmuada bemorlar va shifokorlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Bugungi kunga qadar Toshkent shahrida o‘tkazib kelingan ayrim murakkab jarrohlik amaliyotlari endilikda shu yerning o‘zida amalga oshirilmoqda. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ilk marotaba sun’iy qon aylanish apparati orqali besh nafar bemorning yuragida ochiq jarrohlik amaliyoti olib borildi. Shuningdek, multispiral kompyuter tomografiyasi, ultratovush, laboratoriya uskunalari kasalliklarga erta tashxis qo‘yish imkonini bermoqda. Telemeditsina orqali uzoqdagi bemorlarni davolashga ham hissa qo‘shilmoqda, – deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filiali direktori Salamat Begaliyev.
Aholi salomatligini muhofaza qilishda xususiy klinikalarning ulushi kengaymoqda. Hozirgi vaqtda respublikada 350 ta xususiy tibbiyot muassasasi xizmat ko‘rsatmoqda. Shundan, 310 ta ambulator va 40 ta statsionar sharoitda 52 turdagi mutaxassislik bo‘yicha aholiga sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Bugungi kunda respublikada 10 ta xususiy tibbiyot muassasasining jarrohlik xizmati ishga tushirildi va 2 ta xususiy klinika aholiga sug‘urta bo‘yicha xizmat ko‘rsatmoqda.
Sog‘liqni saqlash sohasida xorijiy klinikalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, 2024 yil davomida 11 ta xalqaro memorandum imzolandi. Xususan, Misr, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Yaponiya, Jazoir, Janubiy Koreya bilan sheriklik aloqalari o‘rnatildi. Xususan, xalqaro loyihalardan biri Xitoy Xalq Respublikasining “CSADI” kompaniyasi ko‘magida Nukus shahrida bolalar tibbiyot klasteri qurilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda 1,2 gektar yer maydoni ajratilgan va o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Nukus shahrida onalar va bolalar uchun Birlashgan Arab Amirligining Shayx Xalifa nomidagi shifoxona qurilish ishlari “Orient Construction Services Group” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan avgust oyi yakuniga qadar yakunlashi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Janubiy Koreyaning “Acryl AI” kompaniyasi bilan raqamlashtirish sohasidagi loyihalar muhokama qilinib, ularning mamlakatimizda amalga oshirilishini jadallashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Joriy yilda ham xorijiy davlatlar bilan xalqaro aloqalarni o‘rnatish yo‘lga qo‘yilib, shunday hamkorliklardan biri 20 fevral kuni Hindistonning “Sharda Hospital” klinikasi bilan xalqaro memorandum imzolandi va sohada hamkorliklar rejalashtirilgan. Shu bilan birga, yana bir muhim loyiha bo‘yicha Yaponiyaning “Digital knowledge” kompaniyasi tomonidan homilador ayollar uchun mo‘ljallangan raqamlashtirilgan platformasini birlamchi tibbiyot bo‘g‘ini xodimlari amaliyotiga joriy etish qo‘shma loyihasi amalga oshirilmoqda.
Muxtasar aytganda, Orolbo‘yida aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiyot muassasalarini xavfsiz va sifatli dori-darmonlar, tibbiy buyumlar bilan ta’minlash, sohaga raqamlashtirishni joriy etish borasidagi chora-tadbirlar izchil davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.