Qoraqalpoqlik talabalar g‘oliblar safidan joy oldi
Joriy yilning 13-18 aprel kunlari Turkmaniston Respublikasining Ashxobod shahrida an’anaviy tarzda tashkil etilgan “Open Mathematical Olympiad for University Students (OMOUS-2025)” xalqaro matematika olimpiadasi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu nufuzli musobaqada dunyoning turli mamlakatlaridan iqtidorli talaba-yoshlar ishtirok etdi. Mazkur olimpiada fundamental va aniq fanlarga qiziqishi yuqori bo‘lgan yoshlarni aniqlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ilmiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida o‘tkazildi.

Ushbu xalqaro miqyosdagi musobaqada Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talaba-yoshlari ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egalladi. Jumladan, matematika fakulteti talabasi Sunnat Maksatov yuksak bilim va salohiyatini namoyon etib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Uning jamoadoshlari Damir Dilmuratov kumush, Indira Satniyazova, Nursultan Yerimbetov va Nargiza Haqbergenova esa bronza medallari bilan taqdirlandi.
Bundan tashqari, universitet jamoasi jamoaviy hisobda ham yuqori natijaga erishib, kumush medalni qo‘lga kiritdi. Bunday yutuqlar nafaqat oliy o‘quv yurtining nufuzini oshirish, balki yoshlarning intellektual salohiyati va ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.