Yosh mutaxassislar uchun mehnat yarmarkasi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida bitiruvchi bosqich talabalarining bandligini ta’minlash va ijtimoiy sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Mazkur tadbir bitiruvchilarni zamonaviy mehnat bozori talablari bilan tanishtirish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini amaliyotga joriy etishga ko‘maklashish, shu bilan birga, yosh mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni qondirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” aksiyadorlik jamiyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali, Qoraqalpog‘iston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi rahbariyati, shuningdek, bir qator ish beruvchi tashkilotlar va korxonalar vakillari, filial rahbariyati hamda bitiruvchi bosqich talabalari ishtirok etdi.
Mazkur yarmarkada so‘zga chiqqanlar bitiruvchilarni bevosita ishlab chiqarish jarayoniga jalb etish hamda ular uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratishdagi amaliy qadam ekanini ta’kidladi.

Tadbirda 30 dan ortiq ish beruvchi korxona va tashkilot o‘zlaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Bitiruvchilar bilan o‘tkazilgan yuzma-yuz suhbatlar davomida ular o‘z kasbiy salohiyatini namoyon etish, tanlagan sohasida faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Suhbatlar natijasida 91 nafar bitiruvchi bilan mehnat shartnomasi imzolandi.
Bu kabi mehnat yarmarkalari yoshlar bandligini ta’minlash, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va yurtimiz taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan malakali mutaxassislarni tayyorlashda muhim bosqich hisoblanadi. Shu boisdan ham oliy o‘quv yurtida bunday tashabbuslarning muntazam yo‘lga qo‘yilishi, albatta, kelajakda yuqori samaradorlikka olib kelishi shubhasiz.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.