“Ixtirochilikka qadam” loyihalar tanlovida ishtirok etish tartibi qanday?

181

Qonunchilikda umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Ixtirochilikka qadam” loyihalar tanlovini o‘tkazish hamda ushbu tanlov g‘oliblarining loyihalarini amaliyotga tatbiq etish choralarini ko‘rish vazifasi belgilangan.

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi axborot xizmati rahbari Jo‘rabek Jangirov “Ixtirochilikka qadam” loyihalar tanlovini o‘tkazish tartibi xususida ma’lumot berdi.

Mutaxassisga ko‘ra, tanlov Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, jumladan, Prezident, ijod hamda ixtisoslashtirilgan maktablar, davlat va nodavlat umumta’lim maktablarining 5–11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida iqtidorli yoshlarni izlab topish va ularni o‘zlari qiziqqan sohalarga yo‘naltirish, ilmiy-texnik ijodkorligi va ixtirochiligini rag‘batlantirish, innovatsion faolligini oshirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkaziladi.

Tanlov har yili maktab o‘quvchilari o‘rtasida ta’lim, axborot texnologiyalari, yashil energiya, ekologiya, iqlim o‘zgarishi, qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda to‘rt bosqichda bo‘lib o‘tadi. Tanlovda ishtirok etish istagida bo‘lgan o‘quvchilarning “ixtirochi.piima.uz” maxsus onlayn platformasidan ro‘yxatdan o‘tishi talab etiladi. Ishtirokchilar individual yoki jamoa sifatida ishtirok etishi mumkin. Bunda jamoa a’zolarining soni 3 nafardan oshmasligi lozim.

2024/2025-o‘quv yilida “Ixtirochilikka qadam” tanlovida ishtirok etish uchun umumiy o‘rta ta’lim muassasalaridan jami 8 ming 319 ta loyiha ishi ro‘yxatdan o‘tkazildi. Shunga ko‘ra, 2024 yilning 24- 25- 26-oktyabr kunlari “Ixtirochilikka qadam” tanlovining birinchi (maktab) bosqichi, 12- 13- 14-dekabr kunlari ikkinchi (tuman/shahar) bosqichi tashkil etildi. Jami ishtirokchilar orasidan 1 ming 537 ta loyiha ishi tanlovning ikkinchi (tuman/shahar) bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Joriy yilning 28 fevral – 1 mart kunlari tanlovning uchinchi (hududiy) bosqichi tashkil etildi. Bunda tanlovning birinchi (maktab) bosqichida g‘olib deb topilgan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning jami 204 ta loyiha ishi, tanlovning ikkinchi (tuman/shahar) bosqichida g‘olib deb topilgan umumiy o‘rta ta’lim va nodavlat ta’lim muassasalarining 489 ta loyiha ishi tanlovning uchinchi (hududiy) bosqichida ishtirok etish uchun tavsiya etildi.

Shunga ko‘ra, tanlovning uchinchi (hududiy) bosqichida jami 693 ta loyiha ishi ishtirok etdi. Tanlovning hududiy bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, respublika bosqichiga yo‘llanma olgan o‘quvchilar ro‘yxati “ixtirochi.piima.uz” saytiga joylashtirildi.

Tanlovning to‘rtinchi (respublika) bosqichi joriy yil may oyining uchinchi o‘n kunligida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Respublika bosqichida eng yuqori natija ko‘rsatgan 3 ta loyiha ishi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan amaliyotga tatbiq etish uchun tavsiya qilinadi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA