Milliy futbolimiz tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan shonli voqea

197

Katta musobaqalarning yuki ham katta bo‘ladi. Nufuzli, dunyo e’tiboridagi chempionatlarda muvaffaqiyat qozonish, Vatan sha’nini matonat bilan himoya qilish oson emas.

G‘alaba o‘z-o‘zidan qo‘lga kiritilmaydi. Uning ortida eng avvalo e’tibor, mehnat, izlanish, har jihatdan salohiyatli jamoani shakllantira bilish va albatta ishonch mujassam bo‘lmog‘i lozim.

Futbol bo‘yicha U17 yosh toifasidagi Osiyo kubogida mamlakatimiz terma jamoasining munosib natijaga erishgani,  ikki futbolchi kam bo‘lgan holda raqibini finalda dog‘da qoldirgani o‘zbek futboli yuksalishning yangi bosqichiga chiqayotganini yana bir karra namoyish etdi.

Davlatimiz rahbari yosh futbolchilarimizga yo‘llagan tabrigida ta’kidlaganidek, azmu shijoatli yoshlarimizning butun turnir davomida bironta ham mag‘lubiyatga uchramasdan, rekord natija ko‘rsatgani, finalda musobaqa mezboni – Saudiya Arabistoni kabi g‘oyat kuchli jamoaga qarshi keskin bellashuvda o‘n bir o‘yinchiga qarshi to‘qqiz futbolchi bilan g‘oliblikka erishgani chinakam jasorat va matonat namunasi bo‘ldi.

Darhaqiqat, endigina 17 yosh ostonasida turgan navqiron futbolchilarimizning chempionlik sharafiga ega bo‘lishi Yangi O‘zbekistonning yangi g‘alabalar sari ishonchli odimlayotganining amaldagi isboti, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Osiyoda tengsiz bo‘lgan muzaffar futbolchilarimizni kutib olish uchun Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tegishli vazirlik va idoralar vakillari, futbol jamoatchiligi, jurnalistlar, ota-onalar va muxlislar jam bo‘ldi. Davralarda ana shu shukuh, shunday mavzudagi suhbatlar bot-bot takrorlanmoqda.

Aytish lozim, bugun o‘smir futbolchilarimizning g‘alabasi nafaqat sport sohasi xodimlari davrasida, balki mahallalarda, bozoru xiyobonlarda, ko‘cha-ko‘yda, katta-kichik davralarning asosiy mavzusiga aylandi. Ayni shu fikrlar xalqimizni yagona maqsad atrofida birlashishga, kelajakka bo‘lgan ishonchi yanada yuksalishiga xizmat qilmoqda.

…Biz kutgan onlar keldi. Saudiya Arabistonidan uchgan samolyot poytaxtimizning muazzam aeroportiga kelib qo‘ndi.

Futbol bo‘yicha U17 yosh toifasidagi Osiyo kubogida zafar quchgan, xalqimizning faxriga aylangan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Vatan tuprog‘iga qadam qo‘ydi.

Ota-onalar, murabbiylar, keng jamoatchilik vakillari, gul ko‘targan barchinoy qizlarimiz, duogo‘y faxriylarimiz, soha fidoyilarining yuz-ko‘zlaridagi sog‘inch, shukronalik, iftixor tuyg‘ularini so‘z bilan ifodalash qiyin.

2024 yil mamlakatimiz Olimpiya jamoasi o‘zbek futboli tarixida ilk marotaba Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan edi. Joriy yilgi mavsumda milliy terma jamoamiz Jahon chempionatiga chiqish ostonasiga yetib keldi. Bu muvaffaqiyatli odimni bugun O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Osiyo kubogida davom ettirdi. Endi uning keyingi manzili joriy yilning 3-27 noyabr kunlari Qatarda o‘tkaziladigan jahon chempionati.

U17 yosh toifasidagi bu galgi Osiyo kubogi o‘yinlari tafsilotlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, O‘zbekiston terma jamoasi Tailand, Xitoy, Saudiya Arabistoni, BAA va KXDR kabi termalarni mag‘lub etib, finalga yo‘l oldi. So‘nggi hal qiluvchi final bahsi esa matonat, shijoat va Vatan sha’ni uchun kurash o‘yini bo‘ldi.

Chempionat davomida o‘zining yorqin o‘yinlari bilan ajralib turgan Ne’matulloh Rustamjonov – Osiyo kubogining eng yaxshi darvozaboni, 5 ta gol urgan Asilbek Aliyev – eng yaxshi to‘purar, Sadriddin Hasanov – turnirning eng yaxshi futbolchisi, deb e’tirof etilgani ham barchamizga o‘zgacha iftixor bag‘ishladi.

– Shogirdlarim qit’a chempionatida Vatanimiz sharafini himoya qilishdek mas’uliyatni his etgan holda ko‘tarinki ruh va kuchli ishtiyoq bilan to‘p surdi, – deydi O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Islom Ismoilov. – Ular butun dunyoga yurtimizda jismonan va ma’nan yetuk barkamol avlod voyaga yetayotganini, O‘zbekiston yoshlarining dunyoda hech kimdan kam emasligini yana bir bor ko‘rsatdi. Fursatdan foydalanib, yurtimizda futbolga qaratilayotgan ulkan e’tibor uchun davlatimiz rahbariga, hukumatimizga minnatdorlik bildiramiz. Final o‘yini fantastik o‘yin bo‘ldi. Yigitlarga rahmat. Ular imkonsiz vazifani uddaladi. Hissiyotlarimizni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Oldimizda yanada muhim musobaqa bizni kutmoqda. Jahon chempionatida ham yurtimiz sharafini munosib himoya qilamiz.

– Biz Osiyo chempionatida zafar quchib, xalqimiz ishonchini oqlash baxtiga muyassar bo‘lganimizdan behad xursandmiz, – deydi O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi a’zosi Sadriddin Hasanov. — Bu natija bilan to‘xtab qolmaymiz. Nasib qilsa, shu yil o‘tadigan o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ham munosib qatnashib, o‘zbek futbolining yuksak salohiyatini butun jahonga namoyish etamiz.

Bayramona o‘tgan tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyeyovning futbolchilarimizga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti rahbari O.Abdurahmonov Prezidentimizning tegishli farmoni bilan sportchilar va ularning murabbiyi, futbol targ‘iboti yo‘lida fidoyilik ko‘rsatib kelayotgan sport sharhlovchilari davlatimizning yuksak mukofotlari –  “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni, “Kelajak bunyodkori” va “Shuhrat” medallari bilan taqdirlanganini e’lon qildi.

Karnay-surnay sadolari ostida U17 yosh toifasida Osiyo kubogida yurt shuhratini xalqaro sport maydonida ulug‘lashga beqiyos hissa qo‘shgan, mamlakatimiz yoshlarining shahdu shijoatini xalqaro maydonda namoyish etgan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi murabbiyi va futbolchilariga Prezident sovg‘asi – yengil avtomobillar kalitlari va davlat mukofotlari tantanali topshirildi.

Ishonch va e’tibor yangi muvaffaqiyatlar poydevori sanaladi. Bugun Yangi O‘zbekistonning “oltin avlodi” bo‘lgan olovqalb futbolchilarimiz xalqimizning mehru-muhabbatiga sazovor bo‘ldi.

Umidimiz, Osiyo kubogida g‘olib bo‘lgan yosh futbolchilarimiz jahon yashil maydonlarida o‘zbek futbolining yorqin g‘alabalarini ta’minlaydi. Nufuzli musobaqalar ostonasida turgan orzulari bir dunyo futbolchi yoshlarimizga jiddiy sinovlarda mardonavorlik tilab qolamiz.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri A.Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari O.Umarov, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi raisi B.Qurbonov, Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa’dullayev, Toshkent shahar hokimi Sh.Umurzakov va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.

To‘lqin RO‘ZIEV, Javohir TOSHXO‘JAEV, O‘zA muxbirlari