Janubiy Koreya AQSH bojlariga qarshilik qilmaydi

145

Janubiy Koreya Respublikasi bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Xan Deok Su mamlakat AQSH tariflariga qarshilik ko‘rsatmasligini ta’kidladi, chunki u XX asrda ko‘rsatilgan iqtisodiy yordam uchun AQSHdan qarzdor, deb yozmoqda “FinancialTimes” nashri.

Nashrning Xan Deok Sudan iqtibos keltirishicha, Koreya urushi tugaganidan keyingi davrda Qo‘shma Shtatlar Janubiy Koreyaga katta yordam ko‘rsatgan va bu uning zamonaviy iqtisodiy farovonligiga olib kelgan.

Shuningdek, siyosatchi AQSH prezidenti Donald Tramp bilan 28 daqiqalik “yaxshi” telefon suhbati o‘tkazganini ta’kidlamoqda. Muzokaralar yakuniga ko‘ra, Janubiy Koreya Amerikaning suyultirilgan gaz va tijorat avialaynerlarini xarid qilish orqali o‘zining savdo muvozanatini tiklash uchun muhokamaga tayyor.

Xan Deok Su harbiy-dengiz kemasozligi bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish “AQSH uchun  alyansni mustahkamlashga yordam berishi mumkinligini” qo‘shimcha qildi.

S.Rahimov, O‘zA