Deputatlar va tadbirkorlar muloqoti

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi mamlakatimizda bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinayotgan iqtisodiy islohotlar samaradorligini oshirish, xususan, kichik biznes vakillarini yalpi milliy mahsulotlarning yaratilishida yetakchi o‘rin egallashi uchun bir qator samarali loyihalarni amalga oshirmoqda.
Partiyaning “Deputatlar va tadbirkorlar muloqoti forumi” loyihasi ham hududlarda tadbirkorlar, kichik biznes vakillari, oilaviy tadbirkorlar, o‘z faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlar va ayollarning samarali biznesini yo‘lga qo‘yishda ko‘makchi bo‘lmoqda.

Xususan, O‘zLiDeP Kegeyli tuman Kengashi tomonidan loyiha doirasida navbatdagi muloqot o‘tkazildi. Unda xalq deputatlari tuman Kengashidagi partiya deputatlari, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tuman bo‘limi, bank tizimi mutaxassislari, partiya faollari, keng jamoatchilik vakillari, tadbirkor hamda fermerlar, shuningdek, o‘z tadbirkorligini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlar va partiya faollari ishtirok etdi.
Ochiq muloqot ruhida kechgan forumda mutaxassislar tomonidan yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash, uning sir-asrorlari, sohaning huquqiy asoslari borasida atroflicha ma’lumot berildi. Muloqot jarayonida hudud tadbirkorlari va fuqarolarning ko‘plab murojaatlari o‘rganilib, ayrimlari shu yerning o‘zida hal etildi.

Xususan, yosh tadbirkor “Aybek-Natasha” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Yusup Qurbonboyev faoliyati va ishchi kuchi safini kengaytirish maqsadida imtiyozli kredit olish harakatida yurganligini bildirdi. Unga “Agrobank”ning tuman filiali xodimi tomonidan 50 million so‘m kredit rasmiylashtirish borasida zarur ma’lumot berildi. Shuningdek, yer ajratish, bino masalasi, mahsulotlarni eksport qilish kabi muammolarga qonun doirasida tegishli maslahat va tavsiyalar tinglandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.