XDP: yoshlar masalasi hamisha e’tiborda

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi va xalq deputatlari Nukus shahar Kengashidagi partiya guruhi tomonidan yoshlar bilan ochiq muloqot qilish, ularning siyosiy bilimlarini oshirish maqsadida “Deputat va yoshlar” mavzusida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi mas’ul xodimlari, professor-o‘qituvchilar, talaba yoshlar, deputatlar, partiyaning “Yoshlar qanoti” a’zolari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning o‘z tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishlari uchun yaratilgan sharoitlar, partiyaning dasturiy maqsad va vazifalarini targ‘ib qilishda partiya tashkilotlari va deputatlar tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida tushunchalar berildi.
Jumladan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham yoshlar masalasiga oid ko‘plab reja va maqsadlar ilgari surilgan. Strategiyaning birinchi yo‘nalishi 44 ta banddan iborat bo‘lsa, shundan 25 tasi bevosita yoshlarga taalluqlidir. Bugungi kunda mamlakatimiz aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etadi. Har yili mehnat bozoriga 600 ming nafardan ziyod yosh kirib kelmoqda. Yoshlar bandligini ta’minlash, ularga sharoit yaratish davlatimizning ustuvor siyosatlaridan biri.
2016 yil 14 sentyabrda qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunda yoshlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ma’naviy, intellektual, jismoniy-axloqiy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashish o‘z ifodasini topgan. Shuningdek, yoshlarda vatanparvarlik, bag‘rikenglik, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, keng dunyoqarashga ega qilib ularni tarbiyalash, terrorizm, diniy ekstremizm, zo‘ravonlik va shafqatsizlik g‘oyalaridan himoya qilish to‘g‘risidagi normalar mustahkamlandi.
O‘tgan yillarda yosh tadbirkorlar soni uch barobar ko‘payib, ular bugun biznes vakillarining 40 foizini tashkil etmoqda. Ishsiz yoshlar ikki barobarga kamaydi. “Yoshlar daftari” orqali o‘tgan yili 180 ming nafar yoshga ko‘mak berildi.
Qisqa vaqt ichida oliy o‘quv yurtlari soni uch barobar oshirilishi natijasida 42 foiz yosh qamrab olindi. Ayollarga shartnoma to‘lovi davlat tomonidan qoplab berilayotgani hisobiga ularning soni 11 barobar ko‘paydi. Ilmiy darajali yosh olimlar soni to‘rt ming nafardan oshdi. An’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi ishtirokchilari soni uch million nafarga yetdi. Ayniqsa, farzandlarimiz o‘rtasida chet tillarini o‘rganishga qiziqish ortib, so‘nggi uch yilda chet tillarni o‘rganayotgan yoshlar soni ikki million nafarga yetgan bo‘lsa, “IELTS” imtihonidan yuqori ball olganlar soni esa besh barobar ko‘paydi.
Ish topishda chet tillarini bilish zarur. Xususiy o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘rganayotgan yoshlarga to‘lov pullari “2+6” oylik shaklida qoplab beriladi. IT sohasida “Bir million dasturchi” loyihasiga qo‘shimcha 300 ming nafar yosh jalb qilinadi.
Kambag‘allikdan chiqishning eng samarali yechimi – bu ta’lim. Shu bois bunday oilalar farzandlari foizsiz ta’lim krediti, qo‘shimcha grant, shartnoma to‘loviga ko‘maklashish orqali o‘qishi rag‘batlantiriladi. Bilimga chanqoq, lekin, oilaviy sharoiti og‘ir bo‘lgan yoshlarni chet elda o‘qitish bo‘yicha yangi tizim – “Yorqin kelajak” loyihasi joriy etiladi.
Uchrashuv yakunida yoshlar tomonidan fikr-mulohazalar bildirilib, qiziqtirgan savollarga javob oldi. Shuningdek, partiya safiga yangi qabul qilingan bir qator yoshlarga partiyaning a’zolik guvohnomalari topshirildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA