Tomorqadan samarali foydalanishda Amudaryo tajribasi

169

Prezidentimizning 2024 yil 5 mart kuni qabul qilingan “Aholi xonadonlarida sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida yangi zaxiralarni ishga solishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Tumanning “Oq oltin” ovul fuqarolar yig‘ini raisi Alisher Shamshatov boshchiligidagi “Mahalla yettiligi” a’zolari aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni muntazam ravishda targ‘ib qilib kelmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad – ishsizlikni kamaytirish va aholi turmush darajasini yaxshilash.

– Hududimizda 5 sotixdan 10 sotixgacha bo‘lgan issiqxonalar soni 200 tani tashkil qiladi. Bugungi kunda 19 kilometr ariq va zovur tozalandi va “Jiydali qulon” aholi punktida yashovchilarning tomorqalarini sug‘orish uchun elektronasos o‘rnatib berildi. Joriy yilning o‘zida 40 nafar fuqaroga imtiyozli kredit ajratilib, 97 nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qildi. Bugungi kungacha mahallamizdagi 98 foiz xonadon tomorqalari bahorgi ekinlarni ekib bo‘ldi. Mahalla hududida obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, ko‘chalarning tozaligini ta’minlash, shuningdek, aholi tomorqalaridan unumli foydalanishga ko‘mak berish borasida ko‘plab ishlar amalga oshirildi, – deydi ovul fuqarolar yig‘ini raisi Alisher Shamshatov.

Ushbu ovul fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan Yangiboy Qurboniyozov imkoniyatlardan to‘liq foydalanib, oilasi bilan farovon hayot kechirmoqda. Xonadonidagi to‘rt sotix issiqxonada xorij navidagi kartoshka yetishtirmoqda. Tomorqachi yaqin kunlarda hosilni yig‘ib, sabzi ekishni rejalashtirgan. Bundan tashqari, bir sotix maydonda ko‘chatxona tashkil etib, unda gullar, pomidor, karam va boshqa poliz mahsulotlari parvarish qilinadi. Issiqxonadan tashqari yana to‘rt sotix yerda karam va baqlajon yetishtirib, har yili mo‘l daromad olmoqda. Shu bilan birga xonadon egalari chorvachilikni ham yo‘lga qo‘ygan.

Ovul fuqarolar yig‘inidagi Bahrom O‘razimbetov xonadoni 20 sotixdan ortiq yerda poliz ekinlari parvarishlab, barqaror daromad manbaiga ega bo‘lmoqda. Oila rahbari Bahrom O‘razimbetovga turmush o‘rtog‘i Gulasal Sodiqova va o‘g‘li Akbar Saidmurodov ko‘makchi bo‘lib, xonadonda ikki sotixli issiqxona ham tashkil etgan.

Bu oila ham chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Bundan tashqari, yoshlar yetakchisining ko‘magida o‘g‘li Akbarga 30 sotix yer ajratilib, u yerda asosan qovun va tarvuz yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Bu kabi tashabbuslar yoshlar bandligini ta’minlash va ularni ishbilarmonlikka undashda muhim omil bo‘lmoqda.

Tumandagi 5ming 613 nafar ishsiz fuqaroga 2 ming 41 gektarga yaqin yer maydoni ijaraga berilib, ular tomonidan sabzavot, poliz, ozuqa va boshqa ekinlar parvarish qilinmoqda. Shuningdek, tumanda umumiy maydoni salkam 31 gektar bo‘lgan issiqxona faoliyat yuritib, ularning 7,8 gektarida pomidor, 6,5 gektarida bodring, 4,1 gektarida ko‘katlar, 7 gektarida sabzavot va 5,8 gektarida boshqa turdagi mahsulotlar yetishtirilmoqda.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA