O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida grant mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha bitim imzolandi

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov hamda Germaniya taraqqiyot bankining (KfW) Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy boshqaruvchisi Yonas Ratfelder boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari, xususan, iqtisodiy sohalardagi sheriklikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, uchrashuvda kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar, tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ular uchun qulay moliyaviy sharoitlarni yaratish borasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Shu bilan birga, suhbatda mamlakatdagi iqtisodiy o‘sish jarayonlari, qishloq xo‘jaligi va hududlarni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar hamda kapital va moliya bozorlarini rivojlantirish yo‘nalishlari ham muhokama etildi.
Vazirlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Germaniyaning “KfW” banki davlat rivojlantirish banklaridan biri bo‘lib, u iqtisodiy taraqqiyot, ijtimoiy barqarorlik va ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida moliyalashtirish xizmatlarini taqdim etadi. Mazkur bank rivojlanayotgan davlatlarga energetika, iqlim, suv ta’minoti, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalardagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida moliyaviy ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda. Shuningdek, bank BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga (SDGs) hissa qo‘shishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Uchrashuv doirasida “Mikro, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish” loyihasining 3-fazasi bo‘yicha 23,5 million yevro miqdorida kredit hamda 3 million yevro grant mablag‘larini jalb qilish yuzasidan bitim imzolandi.
Qayd etilishicha, mazkur loyiha orqali O‘zbekistondagi kichik va o‘rta biznes sub’ektlarining barqaror rivojlanishini ta’minlash, ularning moliyaviy resurslarga va zamonaviy bilimlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, shuningdek, ularning raqobatbardoshligini oshirish orqali iqtisodiy o‘sishga va aholi bandligini ta’minlashga erishish ko‘zda tutilgan.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlardagi hamkorlikni mustahkamlash va fikr almashinuvi jarayonlarini kengaytirishga kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA