Xalq bankida Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda “Lider ayollar” dasturi yo‘lga qo‘yildi

Bugungi kunda O‘zbekistonda xotin-qizlarning turli sohadagi faolligi ortib bormoqda. Ularning rahbarlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, jamiyatdagi mavqeyini mustahkamlash borasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, moliya sektori kabi mas’uliyatli va dinamik sohalarda xotin-qizlarning yetakchi o‘rinlarda faol ishtiroki ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan.
Aksiyadorlik tijorat Xalq bankida Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda “Lider ayollar” dasturi yo‘lga qo‘yildi. Mazkur tashabbus ayollarning moliya sohasidagi rolini yanada oshirish, ularning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash hamda innovatsion fikrlovchi, strategik qarorlar qabul qila oladigan yetakchi kadrlar zaxirasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Dastur mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash siyosatining amaliy ifodasi bo‘lib, Xalq banki tizimida turli lavozim va yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan 600 nafarga yaqin ayol xodimalar orasidan faol, tashabbuskor va salohiyatli 55 nafar ishtirokchi saralab olindi. Ular moliyaviy xizmatlar, menejment, yetakchilik va shaxsiy rivojlanish yo‘nalishlarida chuqurlashtirilgan treninglarga jalb etildi.
Joriy yilning 17-18 aprel kunlari dastur ishtirokchilari uchun xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirokida amaliy seminar-treninglar tashkil etildi.
Unda Osiyo taraqqiyot bankining yetakchi moliya sektori mutaxassisi Endryu Makkartni, xalqaro toifadagi murabbiy Miriam Malka hamda “BMT ayollar” tuzilmasining O‘zbekiston bo‘yicha menejeri Jeren Gures Guven kabi mutaxassislar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Seminar-treningda O‘zbekistondagi islohotlar inson manfaatlari ustunligini ta’minlash barobarida jamiyatda xotin-qizlar mavqeini oshirish, ularning huquq hamda imkoniyatlarini ustuvor qadriyatlardan biri sifatida himoya qilishga qaratilgani qayd etildi. Bunda ayniqsa, ayollarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ro‘yobga chiqarilmoqda.
Jamiyat hayotining barcha jabhalarida, xususan, iqtisodiyotda ayollarning ishtirok etishi jamiyat taraqqiyotiga va uning barqarorligini oshirishga xizmat qiladi.
– Bugun har bir bank sohasida malakali xodimlarga ehtiyoj bor va ayollar bu borada juda muvaffaqiyatlidirlar, – deydi Osiyo taraqqiyot bankining yetakchi moliya sektori mutaxassisi Endryu Makkartni. – Muloqotdagi tabiiy instinktiga ko‘ra ayollar erkaklarga qaraganda munosabatlarni boshqarish sohasida ko‘proq strateg bo‘lishlari mumkin. Ushbu xususiyatlar bilan ayollar bankda tashkiliy madaniyatni kuchaytirish, tashkilotning obro‘sini oshirish va korporativ ijtimoiy javobgarlik loyihalarini amalga oshirishni ta’minlay oladi. Kuchli ayol yetakchilarga qaraganimizda ba’zi umumiy xususiyatlarni ko‘ramiz: muvaffaqiyatli ayol rahbarlar o‘z standartlarini o‘rnatadilar va bu uchun kurashadilar. Ba’zan jiddiy tanqidga duchor bo‘lishlariga qaramay, standartlar kurashida o‘zlarini professionallarga xos tarzda tuta oladilar. Shu sababli bank tizimida lider ayollar faoliyat olib borishi muhim ahamiyatga ega.
Seminar-treningda bank tizimida ayollarni qo‘llab-quvvatlashga doir tadbirlarni amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash borasida olib borilayotgan shu va boshqa ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
– To‘g‘ri, erkak va ayol liderlarning xususiyatlari bir-biridan farq qiladi, – deydi Aksiyadorlik tijorat Xalq banki boshqaruv o‘rinbosari Gulzoda Rashidova. – Ustunlik masalasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, tarozining goh u pallasi, goh bu pallasi bosib ketadi. Ammo nima bo‘lganda ham, ayol liderlar dunyoni o‘zgartira oladi: rahbar sifatida, ona sifatida, ayol sifatida. Zotan, mutafakkirlardan biri aytganiday, yer yuzidagi jamiki narsa ayol yaratgan asarlardir. Shu sababli, bankimizda ham yildan yilga lider ayollar shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalq bankida Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda “Lider ayollar” dasturi yo‘lga qo‘yilgani ham fikrimizning tasdig‘idir. Dastur yakunida kutilayotgan natijalar ham katta, bank tizimi uchun istiqbolli rahbar ayollar zaxirasi shakllantiriladi. Ular bank tomonidan ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarda faol ishtirok etadi. Bu nafaqat bank tizimidagi boshqaruv salohiyati, balki moliya sektori ekotizimining yanada mustahkam va barqarorligiga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA