Urganchda katta kurash bayrami boshlanmoqda

160

Milliy sportimiz kurashning dunyodagi nufuzini oshirish, ajdodlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirish, yoshlar qalbida vatanga muhabbat, qadriyatlarga hurmat ruhini singdirishda o‘tkazilayotgan xalqaro sport musobaqalarining o‘rni beqiyos.

Shu maqsadda Xorazm viloyati markazi– Urganch shahrida Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlangan IV Markaziy Osiyo xalqaro turniri tashkil etilmoqdaki, uning shukuhi, ovozasi Turkmaniston, Afg‘oniston, Tojikiston, Qirg‘iziston va mamlakatimizning eng mahoratli polvonlarini kurash maydonida jam etdi.

Bugun, 18 aprel kuni Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida musobaqalarga start beriladi.

Kecha xalqaro turnir bahslari oldidan mandat komissiyasining yig‘ilishi, hakamlar uchun o‘quv-seminar, bellashuvlarda qatnashish talabnomalarini taqdim etgan polvonlar uchun qur’a tashlash marosimlari bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, xorijiy davlatlardan kelgan kurash federatsiyalarning mutasaddilari, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, O‘zbekiston kurash federatsiyasi, xalqaro turnir tashkiliy qo‘mitasi a’zolari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Pahlavon Mahmud merosi, kurashning xalqaro maydondagi rivoji, IV Markaziy Osiyo xalqaro turnirini kelajakda an’anaviy tarzda tashkil etish masalalari haqida so‘z bordi.

Anjumanda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Kurash federatsiyasi raisi o‘rinbosari Uyg‘un Umarov qo‘shni davlat sport delegatsiyalarini kurash vataniga tashrifi bilan qutladi hamda musobaqa doirasida o‘tadigan tadbirlar dasturi bilan tanishtirdi.

Ta’kidlanganidek, turnir dasturiga ko‘ra, bugun 18 aprel kuni 5 ta mamlakatning 80 nafardan ziyod kurashchilari 10 ta vazndagi bellashuvlarda g‘oliblik uchun kurash olib boradi.

Shuningdek, ushbu turnir doirasida 19 aprel kuni Xiva shahrida mamlakatimizdan va xorijiy davlatlardan kelgan sayyohlar uchun Pahlavon Mahmud muzeyida kurash bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar va o‘ziga xos bayram dasturi namoyish etiladi. Shu bilan birga chet ellik kurash mutaxassislari ishtirokida xalqaro seminar o‘tkaziladi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA