Xokkeychilarimiz Eron darvozasiga javobsiz 20 ta shayba joylab qo‘ydi

136

Armanistonning Yerevan shahrida xokkey bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatining IV divizionida uchinchi tur uchrashuvlari yakuniga ko‘ra terma jamoamiz birinchi pog‘onaga ko‘tarilib oldi.

Gap shundaki, O‘zbekiston milliy terma jamoasi navbatdagi bahsida Eronni yirik 20:0 hisobida taslim etdi. Bu, xokkey bo‘yicha tariximizdagi ilk gol o‘tkazilmagan holda qo‘lga kiritilgan g‘alaba bo‘ldi. Guruhdagi ikkinchi bellashuvda Indoneziya Malayziya termasini 7:4 hisobida yenggan bo‘lsa, Armaniston va Kuvayt termalari bahsida kutilmaganda mezbonlar overtaymdagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng 4:5 hisobida raqiblariga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Mazkur natijalardan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi 7 ochko bilan divizionda karvonboshiga aylandi. Armaniston va Indoneziya termalari 6 ochko jamg‘arib, kuchli uchlikdan joy oldi. Kuvayt esa 5 ochko bilan 4-pog‘onadan o‘rin olgan bo‘lsa, Eron 3 ochko bilan beshinchi o‘rinda qoldi. Malayziya hamon ochkosiz qolmoqda.

17 aprel kuni xokkeychilarimiz to‘rtinchi tur doirasida Indoneziya jamoasiga qarshi muzga chiqadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 15:00 da boshlanadi. Armaniston esa bu safar Eron bilan to‘qnash keladi.

Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston terma jamoasi va qolgan termalar mazkur musobaqada jami ikkita o‘yinda maydonga tushadi. Biroq xokkeychilarimiz oldindagi ikkita o‘yinning asosiy vaqtida g‘alaba qozona olsa, III “B” divizioniga yo‘llanma oladi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA