Boks: Ruslan Abdullayev Kaliforniyada ringga ko‘tariladi
141

AQSHning Kaliforniya shtati Oushensayd shahrida Toshkent vaqti bilan 20 aprel kuni erta tongda professional boks turniri o‘tkaziladi. Unda mamlakatimizning iqtidorli bokschilaridan biri Ruslan Abdullayev ringga ko‘tariladi.
“Frontwave Arena” majmuasi mezbonlik qiladigan mazkur boks oqshomi taniqli sobiq professional bokschi Oskar De La Xoyyaga tegishli “Golden Boy Promotions” promouterlik kompaniyasi tomonidan o‘tkazilmoqda. Ushbu kompaniya bilan shartnoma imzolagan Ruslan Abdullayev super yengil vazn toifasida o‘zining professional ringdagi ikkinchi jangini filippinlik Jino Rodrigoga qarshi o‘tkazadi.
Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, Ruslanning navbatdagi raqibi faoliyati davomida 19 ta jang o‘tkazib, 13 g‘alaba, 4 mag‘lubiyat va 2 durang natijaga erishgan bo‘lsa, bokschimiz shu yilning 7 mart kuni AQSHning Indio shahrida tashkil etilgan turnirda meksikalik Xose Valensuela Alvaradoni ikkinchi raundda nokautga uchratgan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA