Yoshlar – Uchinchi Renessans drayveri (+video)

Renessans ta’lim universiteti tomonidan mamlakat miqyosida muhim ilmiy-amaliy tadbir – «Yoshlar – Uchinchi Renessans drayveri» mavzusida respublika konferensiyasi o‘tkazildi. Unda oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalaridan professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, doktorant va talabalar ishtirok etdi.
Konferensiyaning asosiy maqsadi yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularni ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatga faol jalb qilish, ta’lim, fan va ijtimoiy hayotdagi ishtirokiga yanada keng yo‘l ochishdan iborat. “Uchinchi Renessans bunyodkorlari” g‘oyasi negizida tashkil etilgan mazkur anjuman yoshlarni ilmiy izlanishlar va yangiliklarga chorlash, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash, milliy va umumbashariy qadriyatlarni uyg‘unlashtirishda o‘ziga xos intellektual platforma vazifasini bajaradi.
Konferensiya ishida Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Turkiya oliy ta’lim muassasalari va Renessans ta’lim universiteti vakillari ma’ruza va taqdimotlar qildilar.
Taqdimotlarda bugungi kunda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirishga qaratilgan islohotlar haqida so‘z yuritildi. Qayd etilganidek, yurtimiz tarixida bo‘lgan Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarida dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalar yetishib chiqqan. Endilikda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Uchinchi Renessans davriga asos solinmoqda. Uning poydevorini barpo etishda intellektual salohiyati yuqori, ilmli yoshlar hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shunday ekan, bugungi yoshlar ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirishi, o‘z ustida ishlashi lozimligi ta’kidlandi.
Konferensiya ishi yosh olim va tadqiqotchilarning ilmiy maqolalari taqdimoti, innovatsion loyihalar va startaplar ko‘rgazmasi, mutaxassislar bilan ochiq muloqotlar, ma’ruzalar va muhokamalar shaklida davom etdi.
Har bir seksiyada yosh olimlar, magistrantlar va talabalar o‘z ilmiy maqolalari, loyihalari va tahlillari bilan ishtirok etdi.
Anjuman yakuni bo‘yicha yoshlarning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, innovatsion g‘oyalarni amaliyotga joriy etish, hamkorlik loyihalarini ishlab chiqish borasida aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Muhtarama Komilova, Nishon Abduvoitov (video), O‘zA