Maradonaning qizi shifokorlarni aybladi

Argentinalik marhum afsonaviy futbolchi Diyego Maradonaning to‘ng‘ich qizi Dalma otasini hayotining so‘nggi kunlarida davolagan tibbiyot xodimlarini aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shifokor va hamshiralar bemorning ahvoli haqida to‘g‘ri ma’lumot bermay, oila a’zolarini chalg‘itgan.
Xullas, sud majlisida Argentina terma jamoasi sobiq sardorining o‘limiga ehtiyotsizlik va tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilmaganlik sabab bo‘lgani haqidagi taxmin yangradi.
Ayni payt Maradonani klinikadan chiqqandan keyin kuzatgan tibbiyot xodimlari sudlanmoqda.
– Atrofni badbo‘y hid qoplagan, yorug‘lik tushmasligi uchun derazalar to‘silgandi, – deya qo‘shimcha qildi aktrisa. – Xonada hech narsa yo‘q, umuman dahshatli joy, oshxona ham o‘ta jirkanch ahvolda edi.
Shifokorlar Diyego kasalxonada qolishni istamaganini da’vo qilib, uyda davolanishni talab qilganini eslatdi. Dalma esa oilaga bemorning qon bosimini nazorat qilish va dori-darmon berish uchun 24 soatlik hamshira va’da qilingani, ammo otasi umuman zarur muolaja olmaganini bildirdi. Shuningdek, sudyalarga padari buzrukvorining jonsiz jasadini birinchi ko‘rgan payti haqida gapirib berdi:
– Xonaga kirdim, juda shishib ketgan, tanasi choyshab bilan yopib qo‘yilgan otam biroz ko‘rinib turardi. Yoniga yugurdim, uyg‘onadi deb o‘yladim. Yuzi va qo‘llarini ham butun tanasi kabi dahshatli darajada shish qoplagandi.
Futbol afsonasining qizi to‘g‘ri parvarish yo‘lga qo‘yilganda o‘lim holati yuz bermasligiga ishonchi komil:
– Otamni har kuni sog‘inaman, qo‘msayman. Eng og‘riqlisi, agar shifokorlar o‘z ishlarini bajarganlarida, bu voqea sodir bo‘lmasligi mumkinligini his etish. U boshidan kechirgan kunlarni eslash haligacha juda qiyin. O‘shanda butun haqiqatni bilmasdim. Barvaqtroq anglaganimda, boshqacha yo‘l tutgan bo‘lardim.
Diyego Armando Maradona 2020 yil 25 noyabr kuni 60 yoshida Buenos-Ayres muzofoti Tigre shahrida surunkali yurak yetishmovchiligi natijasida kelib chiqqan o‘tkir o‘pka shishidan vafot etgan. O‘limidan so‘ng tergov boshlanib, afsonaviy futbolchining joni uzilishiga aloqadorlikda shubha qilingan yetti nafar mutaxassis, jumladan neyroxirurg Leopoldo Lukke va psixiatr Agustin Kosachov ayblandi.
M.Pirmatova, O‘zA