Xitoyda eng mitti sun’iy yurak o‘rnatildi

157

Xitoylik shifokorlar yetti yoshli bola tanasiga dunyodagi eng kichik sun’iy yurakni muvaffaqiyatli joylashtirishdi. Bu bolalar transplantatsiyasi sohasida ulkan qadamdir. Bu axborotni “Sinxua” agentligi tarqatgan.

– Xuajun fan va texnologiya universiteti Tunszi tibbiyot kollejiga qarashli Sexe kasalxonasida 15 aprel kuni yurak-qon tomir jarrohligi bo‘limi boshlig‘i Dun Nyango rahbarligida kechgan jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli tugadi, – deyilgan xabarda. – Shifokorlar terminal yurak yetishmovchiligi bilan og‘rigan bemorlarni davolash uchun uch yil davomida ishlab chiqilgan magnitli levitatsiyali so‘rg‘ichdan foydalanishdi.

Ta’kidlanishicha, sun’iy apparat bolaning yuragi va o‘pkasi faoliyatini tiklashga yordam bergan. Qurilmaning og‘irligi bor-yo‘g‘i 45 gramm, so‘rg‘ich aylanasi 2,9 santimetr. Bu uchinchi avlod yurak bo‘lib, avvalgilariga nisbatan qator afzalliklarga ega. Ya’ni, kam energiya sarflaydi, batareyasi uzoqroq muddat ishlaydi, ishonchliligi oshgan va qabul qiluvchining tana holatiga o‘z-o‘zidan moslashish qobiliyati yuqori.

– Bugungi kundagi tayyor qurilmalarning aksari yoshi kattalar uchun mo‘ljallangan, – deydi doktor Nyango. – Vazni 15 kilogrammdan kam, ko‘krak qafasi tor bolalar anchadan buyon zarur nasos yo‘qligi tufayli amaliyotdan chetda qolib kelayotgan edi.

Xitoyda yiliga yurak faoliyatida jiddiy muammosi bor 40 000 ga yaqin bola shifoxonaga yotqiziladi. Ularning 10 foizi transplantatsiyaga muhtoj. Mamlakatimizda esa har yili 100 ga yaqin shunga o‘xshash amaliyot bajariladi.

S.Rahimov, O‘zA