Milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat

114

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tuman bo‘linmasi tashabbusi bilan buyuk vatandoshimiz Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 14 martdagi “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” qarori islomiy ilmlar rivojiga ulkan hissa qo‘shgan benazir alloma, kalom ilmining sultoni Imom Abu Mansur  Moturidiyning ibratli hayot yo‘li va boy ilmiy-ma’naviy merosini har tomonlama chuqur o‘rganishni rag‘batlantirish, moturidiylik ta’limotiga xos bag‘rikenglik va mo‘’tadillik tamoyillarini xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etish, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur tadbirni o‘tkazishdan maqsad, yosh avlodning milliy va diniy qadriyatlarga hurmatini oshirish, ularning ma’naviy-ma’rifiy bilimlarini boyitish hamda Imom Moturidiy merosini chuqurroq o‘rganishdan iborat.

Tadbirda allomaning hayoti va ilmiy merosi, moturidiylik ta’limotining bag‘rikenglik va mo‘tadillik tamoyillari haqida ma’ruzalar qilindi. Shuningdek, o‘quvchilar tomonidan uning ilmiy merosiga bag‘ishlangan chiqishlar namoyish etildi.

Tadbir yakunida faol ishtirok etgan o‘quvchi-yoshlarga respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Ellikqal’a tuman bo‘linmasi tomonidan tashakkurnomalar topshirildi.

         Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri