Bilim, shijoat va matonat namoyishi
Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan birida “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda 17 ta shahar va tumandan eng sara jamoalar ishtirok etib, sog‘lom raqobat muhitida kuch sinashishdi.
O‘quvchilardagi hayajon, g‘alabaga bo‘lgan shijoati, harbiycha qat’iyat bellashuvning har bir shartida yaqqol ko‘zga tashlanib, bu musobaqaning nufuzi yildan-yilga ortib borayotganidan dalolat berdi. Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, “Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashi hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlarining 2024 yilgi qo‘shma qaroriga asosan mamlakatimizdagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi “Vatan tayanchi” otryadlariga a’zo bo‘lgan bitiruvchi sinf o‘quvchilari o‘rtasida mudofaa vazirining kubogi uchun o‘tkazilayotgan “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasi yoshlarda harbiylikka havas uyg‘otib, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga hissa qo‘shmoqda.
Musobaqaning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi va “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi a’zolari hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, chaqiruvga qadar yoshlarni tayyorlash fani o‘qituvchilari va o‘quvchilar ishtirokchilarga omad tiladi.
O‘quvchi-yoshlarni harbiy-amaliy sport musobaqalariga keng jalb etish orqali ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, o‘zaro madaniy-sport aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda yoshlarni sport o‘yinlariga ommaviy tarzda jalb etish, sog‘lom turmush tarziga odat qilishga o‘rgatish, ruhan va jismonan sog‘lom, barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilgan ushbu bellashuv besh yil ichida yoshlar orasida minglab ixlosmandlarni jamladi.
2021 yilgi “Vatanparvarlar” harbiy-sport bahslarining final bosqichi yakuniga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi sharafini himoya qilgan Kegeyli tumani yoshlari faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, Mudofaa vaziri kubogini birinchilardan Qoraqalpog‘istonga olib kelgan edi. 2024 yilda esa Qoraqalpog‘iston Respublikasining chekka hududlaridan biri – Qonliko‘l tumanidagi maktabning “Lochin” jamoasi “Vatanparvarlar” musobaqasining final bosqichida shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy olib, mudofaa vaziri kubogini ikkinchi bor Qoraqalpog‘iston zaminiga olib kelinishiga hissa qo‘shdi.
Hozirda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 710 ta maktab va 20 ta ixtisoslashtirilgan maktabida 723 ta “Vatan tayanchi” otryadi faoliyat yuritib, ularda 12 ming 232 nafar a’zo mavjud.
Musobaqa shartlarida alohida ko‘rsatgichlarga erishgan o‘quvchi-yoshlar va jamoalar taqdirlandi. Unga ko‘ra “Eng kuchli sportchi”, “Eng yaxshi mergan”, “Eng yaxshi bilimdon”, “Eng yaxshi ijrochi” va “Eng yaxshi ixtirochi” kabi bir qator nominatsiyalar bo‘yicha yoshlar yakkalik va jamoaviy tartibda mukofotlandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, barcha shartlar bo‘yicha yuqori natija ko‘rsatgan Taxtako‘pir tuman 2-sonli umumta’lim maktabining “Burgutlar” jamoasi shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi. Kegeyli tumani 41-son umumta’lim maktabidan kelgan “Lochin” jamoasi ikkinchi o‘ringa loyiq deb topildi. Musobaqaning mutlaq g‘olibi deb Qonliko‘l tumani 2-son umumta’lim maktabining “Lochin” jamoasi e’lon qilindi.
Taqdirlash marosimida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan kubok, medal, diplomlar, faxriy yorliqlar hamda esdalik sovg‘alari bilan mukofotlandi. Musobaqada g‘alaba qozongan Qonliko‘l tumani jamoasi endilikda bellashuvning final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritib, kelgusi bellashuvlarda ishtirok etish imkoniga ega bo‘ldi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.