“Kelajak muhandislari” xalqaro festivaliga start berildi

208

Poytaxtimizdagi «Zakovat arena» binosida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etilgan «Kelajak muhandislari» xalqaro festivali o‘z ishini boshladi.

“Yangi avlod muhandislari – yangi davr texnologiyalari!” shiori ostida o‘tayotgan mazkur festival doirasida 11 turdagi musobaqa, 10 ga yaqin mavzuda seminar-trening, mahorat darslari o‘tkaziladi.

Festivalda 2000 nafarga yaqin yoshlar va 10 nafardan ortiq xorijlik ekspertlar ishtirok etmoqda.

Tadbirda qayd etilganidek, joriy yilning apreli «Muhandislik oyligi» deb e’lon qilingan bo‘lib, yosh muhandislarning salohiyatini rivojlantirish, ular orasida ilmiy va texnologik tafakkurni targ‘ib qilish hamda xalqaro miqyosda hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan “Kelajak muhandislari” xalqaro festivali ham shu oylikning eng yirik tadbirlaridan biridir.

«Kelajak muhandislari» festivali kelajakni bugundan yaratadigan ijodkor yoshlar uchun innovatsion platforma bo‘lib xizmat qiladi. Sababi festival ishtirokchilari o‘z ixtirolarini taqdim etish, amaliy tajribaga ega bo‘lish va xalqaro ekspertlar bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Festival doirasida robotlar, aviatsiya musobaqalari, sanoat muammolariga qaratilgan yechimlar xakatoni, 3D modellashtirish tanlovi, muhandislik ishlanmalari ko‘rgazmasi namoyishlari hamda turli xil seminar va mahorat darslari bo‘lib o‘tadi.

Festival musobaqalari g‘oliblariga esdalik sovg‘alar, sertifikat va maxsus kuboklar taqdim etiladi.

Gulnoza Boboyeva, Asliddin Alijonov(surat), O‘zA